Vaqtincha ro‘yxatda turgan fuqaro o‘z hududidagi saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin
Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi o‘tkazildi. Unda joriy yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik jarayoni bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining saylovga oid konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish maqsadida chet davlatlarda ochilgan saylov uchastkalari faoliyatini saylov qonunchiligi talablariga binoan tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Majlisda Anqara shahridagi O‘zbekiston elchixonasi bilan o‘rnatilgan bevosita videokonferensaloqa orqali O‘zbekistonning Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jaevning axboroti tinglandi.
Elchixona tomonidan Turkiyaning Anqara hamda Istanbul shaharlarida ochilgan saylov uchastkalari faoliyati O‘zbekiston Respublikasining saylov qonunchiligiga binoan tashkil etilgan. 22 dekabr kuni bo‘ladigan saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan saylovchilar ro‘yxatini tuzish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Ushbu muhim siyosiy jarayonga oid ma’lumotlar bilan tanishishni istagan O‘zbekistonning Turkiyadagi fuqarolari elchixonaning rasmiy veb-saytidan saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ovoz berish manzili va kuni, vaqti hamda boshqa ko‘plab axborotlarni olishi mumkin. Ayni paytda saylovchilar saylov.mfa.uz manzili orqali elektron ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Elchining aytishicha, caylovchilar bilan muntazam yo‘lga qo‘yilgan uchrashuvlarda vatandoshlarimiz saylovlarda faol ishtirok etish istagini bildirmoqda. Ularga xorijda ovoz berish borasida yaratilgan qulayliklar va imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirishlar berilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, Turkiya Respublikasida istiqomat qilayotgan 90 foizdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi saylovlarda ovoz berishda ishtirok etadi. Ayni damda 600 ga yaqin saylovchining ro‘yxati shakllantirildi.
Bugungi kunda Turkiyada 850 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Hozirgacha 600 nafardan ziyodi ro‘yxatga olindi. Ularning oldindan ovoz berishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida Turkiyaning 3 shahrida, ya’ni ko‘proq talabalar istiqomat qiladigan shaharlarida zarur sharoitlar yaratilgan. Turkiya bo‘yicha 5 ta shaharda 12 dekabrdan 19 dekabrgacha ko‘chma saylov uchastkalari faoliyat yuritadi. Unda vatandoshlarimiz oldindan ovoz berishlari mumkin.
Shuningdek, elchi o‘z axborotida siyosiy partiyalarning xorijdagi targ‘ibot-tashviqoti sust ekanligini ta’kidladi. Ya’ni Turkiyadagi talabalar kimga ovoz berishlari, nomzodlarning tarjimai holi, ularning tashabbuslari haqida umuman ma’lumotga ega emasliklarini bildirishgan. Shuni inobatga olib, majlisda partiyalar vakillariga xorijdagi vatandoshlarimiz uchun siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari haqida ko‘proq ma’lumot berish, targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini, jumladan, saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Saylov kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va ularni ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlar tengligini ta’minlash, to‘siqsiz foydalanish bo‘yicha qoidalar kiritilganligi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoit yaratilishiga xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasining majlisida nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z saylov huquqlaridan teng, faol va to‘siqsiz foydalanishini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi. Ta’kidlash o‘rinliki, mazkur masala Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati va O‘zbekiston Karlar jamiyati o‘rtasida shu yil 27 sentabr kuni imzolangan ikki tomonlama kelishuvlarga mosdir.
Majlisda nomlari qayd etilgan jamiyatlarning 2019 yil 22 dekabrda o‘tkaziladigan saylovlarda “Saylovlarda teng imkoniyatlar!” shiori ostida ishtirok etish borasidagi tashabbusi ma’qullanib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, saylov tadbirlarini iloji boricha binolarning birinchi qavatida o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Chunki, ikkinchi, uchinchi qavatlarga chiqish nogironligi bo‘lgan shaxslarga qiyinchiliklar tug‘diradi.
Majlisda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan foydalanishning ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilgi saylovlarda ilk bor Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi amalda qo‘llaniladi. Fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish masalalarida yagona amaliyotni qo‘llash maqsadida qaror loyihasi tayyorlandi.
Unga muvofiq, saylovchining qaysi saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi uchastka saylov komissiyasi o‘tkazadigan uyma-uy yurish natijalariga ko‘ra aniqlanadi. Bunda saylov uchastkasi hududida vaqtinchalik yashayotgan fuqarolar bo‘lsa, ularning ovoz berish kuni ushbu hududda bo‘lishi yoki bo‘lmasligi o‘zaro suhbat chog‘ida uchastka saylov komissiyasi a’zosi tomonidan aniqlanadi va saylovchini vaqtincha yashab turgan joyi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritish hal etiladi.
Saylov uchastkasi hududida vaqtinchalik yashayotgan fuqarolar bilan shaxsan suhbat qurish imkoniyati bo‘lmasa, ular vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmaydi. Agar saylovchi yashab turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasa, (propiskada bo‘lmasa) vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi va ovoz berishi mumkin. Bunda saylovchi yashab turgan joyidagi saylov uchastkasi bo‘yicha ro‘yxatga kiritilishi uchun shu hududdagi uchastka saylov komissiyasiga saylovga kamida uch kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish davom etmoqda. Hozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 254 taga yetdi. Xuddi shunday vakolatga ega bo‘lgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni esa 85 tani tashkil etmoqda.
Majlisda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi kuzatuvchilar missiyasining 28 nafar hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi kuzatuvchilar missiyasining 65 nafar xalqaro kuzatuvchisi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘zA