Toshkentdagi uchrashuv Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanini tasdiqlaydi
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati, avvalo, mintaqa va xalqaro maydonda hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdagi intilishlari Turkiya matbuoti diqqat markazida boʻlib kelmoqda.
Xususan, Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi tomonidan Toshkentda 29-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuviga doir qator materiallar chop etildi. Turkiyaning TRT davlat teleradiokompaniyasi tizimidagi veb-saytlarda ham mavzuga doir materiallar joylashtirildi.
Turk sharhlovchilarining fikriga koʻra, Toshkentda ushbu sammitning samarali oʻtkazilishi Oʻzbekiston mintaqaviy tashqi siyosatni toʻgʻri yuritayotganidan, Oʻzbekiston diplomatiyasining navbatdagi muvaffaqiyatidan dalolat beradi.
Anqara Strategik fikrlar instituti direktori Muhammet Savash Kafkasyalining qayd etishicha, yuqori darajadagi mintaqaviy uchrashuv “Samarqand konsensusi”ning natijasi hisoblanadi.Ayni paytda ekspert davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bu kabi uchrashuvlarni oʻtkazish haqidagi taklifini ilk bor 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surganini ham eslatib oʻtadi. Samarqandda 2017-yil noyabr oyida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada bu gʻoya yaxlit dastur sifatida kengaytirildi va mintaqa mamlakatlari tomonidan konsensus asosida qoʻllab-quvvatlandi. Ekspert “Samarqand konsensusi” va Oʻzbekistonning maʼlum davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik gʻoyasiga sodiqligi mintaqadagi siyosiy muhitni tubdan oʻzgartirish imkonini berdi, deb qayd etadi.
“Anadolu” axborot agentligining qayd etishicha, tadbir yakunida qabul qilingan Qoʻshma bayonot Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari olib borgan muzokaralar samarali boʻlganidan dalolatdir.
Turkiya OAVlarida taʼkidlanishicha, ushbu Qoʻshma bayonotda unga aʼzo mamlakatlarning xavfsizlik, turizm, transport, tranzit, energetika va investitsiyalar hamda Afgʻonistondagi vaziyat singari masalalar yuzasidan yaqin va kelishilgan pozitsiyalari belgilangan. Turk sharhlovchilari hujjatda asrlar osha shakllangan madaniy, savdo va gumanitar aloqalar bugun ham rivojlanib borayotgani, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga sodiqlik bildirilganiga eʼtibor qaratgan.
OʻzA