Markaziy Osiyo taraqqiyoti yo’lidagi muloqot
Avval xabar qilinganidek, 2019 yil 29 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi bo’lib o’tadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan muntazam ishonchli muloqotni amalga oshirish va mintaqaning dolzarb masalalariga birgalikda yechim topish maqsadida mazkur formatdagi uchrashuvlar o’tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2017 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida bunday uchrashuvlarni o’tkazish taklifi ilgari surilgan edi.
O’sha yil noyabr oyida Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo’lidagi hamkorlik” mavzuida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada mazkur g’oya rivojlantirilib, yaxlit dastur ishlab chiqilgan edi. Uning amalga oshirilishi mintaqadagi siyosiy muhitni tubdan o’zgarishiga olib keladi.
O’zbekistonning Maslahat uchrashuvini o’tkazish bo’yicha tashabbusi mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan qo’llab-quvvatlandi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi 2018 yil 15 mart kuni Nur-Sulton shahrida bo’lib o’tdi. Muloqot mamlakatlar o’rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi boshlanganini ifoda etdi, hamkorlikni faollashtirish va mustahkamlash, qo’shni davlatlar o’rtasida yig’ilib qolgan muammolarni bartaraf etishga xizmat qildi.
So’nggi yillarda erishilgan natijalar sifatida Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlashda muhim omil bo’lgan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasidagi ijobiy siljishlar, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning faollashgani, respublikalar poytaxtlari o’rtasida aviaqatnovlarning tiklangani, yangi nazorat-o’tkazish punktlarining ochilgani va boshqa ko’plab misollarni keltirish mumkin.
Mintaqadagi hamkorlikning yangi bosqichi haqida so’z ketar ekan, muhim tarixiy voqyea, ya'ni 2018 yil 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo’yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi qabul qilinganini eslash lozim. O’zbekiston tashabbusi bilan Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston hamkorligida tayyorlangan hujjat loyihasi BMTga a'zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo’llab-quvvatlandi.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik va taraqqiyot bo’yicha yirik mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari, ularning ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ta'lim, ilm-fan, texnologiyalar, innovatsiyalar, turizm, madaniyat, san'at va sport sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirishga sodiqligi ijobiy baholangan.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlashdagi muhim roli, zamonaviy tahdidlarga qarshi sa'y-harakatlari ta'kidlangan, 2018 yil mart oyida Nur-Sulton shahrida bo’lib o’tgan birinchi Maslahat uchrashuvining yakunlari qo’llab-quvvatlangan.
Mintaqa davlatlari o’rtasidagi yaqinlashuvga bo’lgan intilish xalqaro ekspert doiralari tomonidan ijobiy baholanib, ushbu jarayon “yangi tarixiy yutuq”, “Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari yangi tarixidagi yangi davr”, “o’zbek diplomatiyasi va O’zbekistonning yangi tashqi siyosati muvaffaqiyati”, deb ta'riflanmoqda.
Ekspertlar ming yillar davomida dunyo madaniyatlari, tillari va dinlarining o’zaro muloqoti va bir-biriga ta'sir o’tkazishiga xizmat qilgan Markaziy Osiyo bugun boy energetika va tabiiy resurslar salohiyati, o’ta noyob transport-kommunikatsiya imkoniyatlariga ega bo’lib, Yevrosiyo qit'asida tinchlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta'minlash tizimidagi muhim bo’g’in sifatida yana alohida geosiyosiy ahamiyat kasb etayotganini ta'kidlamoqda.
Shu ma'noda Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining Toshkent uchrashuvi davlatlar o’rtasidagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy tamoyillaridan biri – o’zaro ishonchni mustahkamlash, ushbu muqaddas zaminda yashayotgan xalqlarning farovonligi va taraqqiyotiga qaratilgan teng huquqli va o’zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish yo’lidagi muhim qadam bo’ladi.
«Dunyo» AA