O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot
2019-yil 25-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan mazkur majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisini joriy yil 30-noyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlisda dastavval mamlakatimiz tarixida ilk bor qabul qilingan “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilinadi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlis kun tartibi doirasida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitiladi.
Bundan tashqari, senatorlar tadbirkorlik sub'yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi, bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqadi.
Senat a’zolari tomonidan “1993-yil 22-yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konventsiyaga doir Bayonnomani (Moskva, 1997-yil 28-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilinadi.
Shuningdek, Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o‘zgartirish hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar Vazirlar Mahkamasiga davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, arzon uy-joy qurilishi, gaz, elektr ta’minoti bilan bog‘liq parlament so‘rovlari yuborish masalalarini ham muhokama qiladilar.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot Xizmati