Belarus – Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti tashkil etildi
“Toshkent shahrida Belarus – Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Toshkent shahrida Belarus – Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti tashkil etildi.
Xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq, respublika sanoat tarmoqlarining eng muhim ilmiy-ishlab chiqarish masalalarini hal eta oladigan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash institutning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Institut Oʻzbekiston rezidenti boʻlib, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi shaklidagi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Institutdagi taʼlim tegishli tartibda tasdiqlangan taʼlim dasturlari boʻyicha rus tilida amalga oshiriladi, institutning taʼlim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi.
Shuningdek, qarorga muvofiq institut bitiruvchilariga taʼlim yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Belarus milliy texnika universitetining oliy taʼlim toʻgʻrisida belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Institutning davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilari Oʻzbekiston taʼlim muassasalari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali