Endi avtotransport vositalari va ulardagi fuqarolar Davlat chegarasida 30 daqiqadan ortiq qolib ketmaydi
Hukumat qarori (912-son, 18.11.2019-y.) bilan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, Davlat chegarasi orqali oʻtadigan barcha shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, shuningdek, fitosanitariya va veterinariya nazoratiga tegishli boʻlsa, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkaziladi.
Ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida davlat nazorati organlari tomonidan oʻtkazish punktida haydovchilar, tovarlar va transport vositalarining nazorat tartib-taomillardan oʻtkazilishi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi asosida amalga oshiriladi.
Nizomda oʻtkazish punktlarida avtotransport vositalarining boʻlish vaqti aniq belgilandi.
- Yaʼni, avtotransportning oʻtkazish punktida boʻlish vaqti uning turi va oʻtkazish punktining texnik holatiga qarab quyidagi muddatdan ortiq boʻlmasligi kerak:
- yengil avtotransport vositalari – 15 daqiqa;
- yuk avtotransport vositalari – 30 daqiqa.
- Bunda, avtotransportning har bir davlat nazorati organlari tomonidan tegishli tartib-taomillardan oʻtkazilishi vaqti Oʻzbekistonga kirishda quyidagicha belgilangan:
- sanitariya-karantin nazorati (haydovchi sanitariya nazoratidan oʻtkaziladi) – 3 daqiqa;
- chegara nazorati (Davlat chegarasini kesib oʻtish huquqni beruvchi hujjatlar mavjudligi va pasport tekshiriladi) – 4 daqiqa;
- bojxona nazorati (haydovchi, tovarlar va avtotransport vositasi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi) – 15 daqiqa;
- fitosanitariya nazorati (olib oʻtilayotgan tovar fitosanitariya nazorati obyekti boʻlsa, fitosanitariya nazoratidan oʻtkaziladi) – 4 daqiqa;
- veterinariya nazorati (olib oʻtilayotgan tovar veterinariya nazorati obyekti boʻlsa, veterinariya nazoratidan oʻtkaziladi) – 4 daqiqa.
Nizomda, shuningdek, qaysi hollarda nazorat tartib-taomilidan oʻtish vaqti belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlishi mumkinligi koʻrsatilgan.
Jumladan, oʻtkazish punktida faoliyat olib boruvchi davlat nazorati organlari qonunbuzarlik holatlarini aniqlaganida nazoratdan oʻtish vaqti belgilangan muddatdan ortiq boʻlishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali