Nukusda xalqaro investitsiya forumi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida “International Investment Forum Karakalpakstan” xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan forumda Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi o‘ndan ortiq davlatlardan xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ishbilarmonlar ishtirok etdi.
Forumning tantanali ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari E.G’aniyev xorijiy investorlarni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizga xorijiy investorlarni jalb qilish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, jahon bozori talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizga, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga chet el investitsiyalarini jalb qilish orqali hududda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish, Orolbo‘yi hududidagi ekologik vaziyatni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2018 yilning 24 avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlar rahbarlari kengashi majlisida davlatimiz rahbari Orolbo‘yi hududini Ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilishni taklif etdi. Ushbu taklifning amaldagi ijrosi sifatida o‘tgan yilning 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yangi Mo‘ynoq – yangi imkoniyatlar” mavzusidagi biznes forum, joriy yilning oktabr oyida Nukus shahrida BMT shafeligida yuksak darajadagi “Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya doirasida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish, “yashil iqtisodiyot”, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish, ekoturizmni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Mazkur sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida tashkil etilgan “International Investment Forum Karakalpakstan” xalqaro investitsiya forumini o‘tkazishdan asosiy maqsad Orolbo‘yiga chet el investorlarini jalb qilish va u orqali hududda ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, ishtirokchilarni hududning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyati, investorlar uchun joriy qilingan, bojxona va soliq imtiyozlari bilan yaqindan tanishtirishdir. Haqiqatan ham Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiyaviy salohiyati yuqori bo‘lib, hudud hali foydalanilmayotgan resurslarga juda ham boy.
Joriy yilga belgilangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy investitsiya dasturi doirasida o‘tgan davr mobaynida 140,3 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilindi. Ularning asosiy qismi Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Rossiya Federatsiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Janubiy Koreyaning “Caris Co Ltd” kompaniyasi ijrochi direktori Yu Cheol, Xitoy Xalq Respublikasi “ARAL ALUMINIUM INVEST GROUP” kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i Chjan Vey Syuan, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari B.Abidov mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati, xorijiy investorlarga yaratilgan shart-sharoitlar va bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Forum yakunlari bo‘yicha 313 million dollar miqdoridagi 18 ta hamkorlikdagi savdo-iqtisodiy bitimlarga erishildi.
– Bo‘zatov hamda Nukus tumanlarida chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha 15 million dollar miqdoridagi loyihani amalga oshiramiz, –deydi Xitoyning qishloq xo‘jalik universiteti professori Van Jiye Vang. – Tashrifim davomida buning uchun barcha imkoniyatlar bor ekanligiga ishonch hosil qildim.
Xalqaro forum ishtirokchilari Nukus shahri va Nukus, Xo‘jayli, Qonliko‘l tumanlariga tashrif buyurib, hududlardagi yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Berdaq nomidagi akademik musiqa teatr
i binosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlardan iborat “Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilgan” milliy ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi va Nukus shahrining diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishdi.
O‘zA