1991-yil 18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan
1991-yil 18-noyabr biz – O‘zbekiston fuqarolari uchun qadrli va unutilmas kunlardan biridir. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII Sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
1992-yil 2-martda yana bir muhim voqeaning guvohi bo‘ldik. Birlashgan Millatlar Tashkilotida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Bugun u davlatimiz mustaqilligining jahoniy ifodasi, xalqimiz g‘ururi, iftixori, orzu-umidining ramzi bo‘lib hilpirab turibdi.
Vatan timsollari, davlatimiz ramzlariga, agar ko‘ngil ko‘zi bilan qarasak, ularning har biri o‘ziga xos maktab, alohida kitob ekanini anglaymiz. Xo‘sh, uni kim o‘qiy oladi? Kim bu ramzlar mohiyatidagi ezgu niyatlarni teran anglay oladi? Albatta, birinchi galda o‘z Vatanini chin dildan sevgan, o‘z xalqini ardoqlashga qodir, taqdirini yurti taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ko‘ra oladigan insonlar ularni o‘qiydi, anglaydi. Vatanimiz bayrog‘i, u bilan bog‘liq tuyg‘ular, ta’sirchan lahzalar haqida beixtiyor ko‘z oldimga Sidneyda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlari kelaveradi. Ana Muhammadqodir Abdullayev olimpiada g‘olibi deb e’lon qilindi. Ring ichida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib mag‘rur va masrur davra aylanmoqda. G‘olib sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi jaranglab, boshqa ikki davlat bayrog‘ining o‘rtasida, ulardan yuqorida bizning bayrog‘imiz ko‘tarilmoqda. Muhammadqodir qo‘lidagi bayroqni mahkam bag‘riga bosgancha mag‘rur turibdi. Ko‘zlarida sevinch yoshlari...
Tanimni yoqimli titroq chulg‘aydi, ko‘zlarimga yosh qalqiydi. Bu holni tushuntirib, ifodalab berish qiyin. Lekin aminmanki, bu tuyg‘u nima ekanini O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan har bir inson yaxshi anglaydi, yurakdan tuyadi.
Shuni faxr bilan aytamizki, o‘tgan yillar davomida qanchadan-qancha sportchilarimiz Olimpiada o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlari, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuzlab marta Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga erishdilar. Ha, bayroq kishiga ana shunday g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i mamlakatimiz suverenitetining ramzi bo‘lib, unda milliy davlatchiligimiz, mustaqil va mustahkam davlat barpo etish borasidagi ezgu g‘oyamiz, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligimiz, orzu-maqsad va intilishlarimiz, or-nomusimiz va g‘ururimiz aks etgan.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i respublika davlat suverenitetining ramzidir”. Qonunning 3-moddasida aytilganidek, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda: O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi”.
Dunyoda davlat bayroqlari ko‘p, lekin ular ichida O‘zbekiston bayrog‘i eng ko‘rkam va chiroylisidir. Negaki, u qalbimiz, ruhimizga tutashdir. Unda olam-olam ma’nolar mujassam. Bayroqdagi navqiron yarim oy tasviri milliy-tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda, u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham sanaladi.12 yulduz tasvirida o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ifoda etilgan. Undagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzidir. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda bo‘lgan. Oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib, poklik, beg‘uborlik, soflik, orzu va xayollar tozaligi va ichki go‘zallikka intilishni namoyon etadi. Yashil rang – o‘zida tabiatning yangilanishini ifoda etadi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar esa vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatib turadi.
O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan kunni ma’lum ma’noda bayram qilish an’anaga aylandi.
Bu yil esa bu bayram mamlakatimizda o‘zgacha bir yuksak ko‘tarinkilik, g‘urur va iftixor bilan nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning ko‘pdan ko‘p davlatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ham eng katta milliy bayramlardan biri sifatida nishonlanmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari, vakolatxonalari tomonidan ham bayram munosib tarzda kutib olinmoqda. Nazarimizda, u bu yilga kelib chinakam ma’noda o‘zining yuksak maqomiga ko‘tarilmoqda.
Yana bir muhim jihat, dunyodagi davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yuksak ehtirom, o‘zbek xalqiga cheksiz hurmat timsoli sifatida Davlat bayrog‘ining e’zozlanishida namoyon bo‘lmoqda. Menimcha, Prezidentimizning 2019 yil mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi sharafiga dunyodagi eng baland bino hisoblangan Dubay shahridagi Burj Al-Xalifa hamda boshqa osmono‘par inshootlarda zamaonaviy chiroqlar yordamida O‘zbekiston bayrog‘i timsolining ifodalanishini hech bir vatandoshimiz hayajon va g‘urursiz tomosha qilmagan bo‘lsa kerak.
Davlatchiligimiz tarixining qaysi bir davrini olib qaramaylik, doimo millat ramzlari, vatan timsollari eng aziz va muqaddas qadriyat sifatida e’zozlanganiga guvoh bo‘lamiz. Tug‘ – bayroqni asrashga millat, xalq, davlatning or-nomusini asrash qadar yuksak qaralgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, sohibqiron Amir Temur davrida ham davlat bayrog‘i juda katta ahamiyat kasb etgan. Muqaddas ramzlar, xususan, tug‘ – bayroqni asrab qolish yo‘lida ajdodlarimiz, hatto, o‘z jonidan ham kechganini ko‘rsatuvchi talay misollar bor. Bayroq bilan bog‘liq yana bir muhim jihat shunda bo‘lganki, jangu jadallarda davlat bayrog‘ini eng ishonchli bahodirlar, pahlavonlar qo‘riqlagan.
“Kim o‘z yurtini sevmasa – u hech qachon hech nimani seva olmaydi”, - deydilar. Ta’bir joiz bo‘lsa, bizning Ona Vatanga, shu muqaddas tuproqqa bo‘lgan muhabbatimiz milliy ramzlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali ham shakllanadi.
O‘ylab ko‘ring, nima uchun bayroq doimo baland turadi. Bosh uzra hilpiraydi? Negaki, u o‘z poyida millionlarni birlashtiradi. U insonga kuch va qudrat baxsh etadi. Maqsadni tarbiyalaydi, irodani toblaydi. Og‘ir jang holatlarida u yiqilganni turg‘azadi, qo‘rquvni jasoratga, zaifni matonatli insonga aylantira oladi. O‘z navbatida g‘urur bilan bayroqni ko‘targan inson minglab qalblarga bayroq tika oladi.
Bugun O‘zbekiston davlatimiz rahbari ilgari surgan “Milliy tiklanishdan-milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ydi. Zero, milliy g‘oya ham xalq, millat, bedor qalblar uchun bayroq kabidir. O‘z milliy g‘oyasiga ega bo‘lmagan inson, jamiyat, davlat yo‘lini yo‘qotib qo‘yishi, ko‘zlagan maqsadiga yetolmasligi mumkin. Aslida bayroqsiz qalb bo‘lmaydi. Bayroqsiz qalbga o‘zgalar o‘z bayrog‘ini tikishga harakat qiladi.
Padari buzrukvorimiz - Otamiz suratini qanday e’zozlaymiz? Munis Onamiz tasvirini-chi? Qani birortasi ota-onamiz suratini yirtsin, behurmat qilsin-chi? Vatan timsoli, ozodlik ramzlarini ham biz shu qadar muqaddas bilib asrashimiz kerak.
Qonunning 13-moddasida aytilganidek, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining bayrog‘ini hurmat qilishlari shart. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini behurmat qilganlik O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda jazolanadi”.
Dunyoda shunday jinoyat borki, uni hech qachon, hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu Vatanga xiyonatdir. Qanday odamlardan xiyonatchi chiqadi? Albatta, ko‘nglida o‘z yurtining bayrog‘i yo‘q kimsalardan! Bayroqqa xiyonat insonning o‘zligiga, tomirida oqayotgan qonga, ajdodlar ruhiga xiyonatdir.
Yana tarixiy manbalarni varaqlaymiz: “Jaloliddin Manguberdi o‘zidan son jihatdan ustun mo‘g‘ullar qurshovini yorib chiqib ot bilan o‘zini daryoga tashlaydi. Bir qo‘lida ot tizgini, bir qo‘lida yurt bayrog‘i! Shunda Chingizxon noshud o‘g‘illariga qarata o‘kinch bilan shunday deydi: “Faqat baxtli otagina shunday o‘g‘ilga ega bo‘ladi!”
“Mo‘g‘ullar Gurjanchni qamal qildilar. Garchi Chingizxon bir necha marotaba 76 yoshli shayxga elchi yuborib, uning salomat qolishiga kafolat berib qal’ani tark etishga da’vat etsa-da, Najmiddin Kubro “kindik qonim to‘kilgan, menga mehr-muhabbat ko‘rsatgan Vatanim uchun kurashib o‘lish huquqini mendan hech kim tortib ololmaydi”, deya bu taklifni rad etadi. U Vatan bayrog‘ini baland ko‘tarish barobarida o‘zi ham bayroqqa aylanadi. Vatan ishqi, ozodligi yo‘lidagi insoniy burch umrida hatto o‘nlik lashkarni ham boshqarib ko‘rmagan buyuk olim, donishmand Najmiddin Kubroni mo‘g‘ullarga qarshi qahramonona jangga otlangan qo‘rqmas qo‘mondon, mard jangchiga aylantiradi. “Yo Vatan, yo sharafli o‘lim!” deya elga bosh bo‘lib shahar mudofaasini tashkil etishga otlanadi.
Bu jang ona Vatanimiz tarixidagi eng shonli, shuningdek, eng fojiali sahifalardan biri bo‘ldi. Shayx boshchiligidagi mudofaachilar Vatanning yuragi bo‘lmish Gurganj himoyasini or-nomus himoyasi, deb biladilar. Bunday tuyg‘u barcha lashkarni qamrab oladi. Natijada, har bir kurashayotgan jangchi, mudofaadagi xalq, kattayu kichik Vatan uchun kurashib o‘lishni faxr va sharaf deb xisoblaydigan ruhan yengilmas kuchga aylanadi. O‘limni mardona qarshi olish, undan qo‘rqmaslik haqidagi ulug‘ shayxning da’vati mo‘g‘ullar berayotgan qurbonlar sonini keskin oshirib yuboradi. Shayxning da’vati mudofaachilar qalbidagi o‘lim va mardlik tushunchalarini uyg‘unlashtirib yuboradi. Shaharda tirik jon borki, mudofaachiga aylandi. Shayx dushman bayrog‘iga chang solgancha halok bo‘ladi”.
Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha paytda Najmiddin Kubro uchun davlati, zamini, xalqi bir bayroq edi...
Harbiy xizmatchilarning Vatan bayrog‘i poyida tiz cho‘kib, muqaddas Ona tuprog‘ini matonat va sadoqat bilan himoya qilishga qasamyod qilishi bejiz emas. Bayroq jasorat, g‘urur, fidoyilik, or-nomus maktabidir.
Aslida Vatan bayrog‘i poyida tiz cho‘kish, uni ko‘zga surtib to‘tiyo qilish, har qanday og‘ir vaziyatda ham uni baland ko‘tarish, aslo qo‘ldan qo‘ymaslik, jon tikib bo‘lsa ham asrashlikka ont ichmoqdir.
Bayroq oldida qasamyod, bayroq oldida tiz cho‘kib uni o‘pmoq, bu – Vatanga e’zoz, bu Shiroq, To‘maris, Mahmud Torobiy, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, sarkarda Alimqul kabi vatanparvar va yengilmas ajdodlar ruhiga e’zozdir!
Asl vatanparvarlar bayroqni e’zozlash orqali burch pog‘onasidan sharaf shohsupasiga ko‘tariladilar.
Bugun Vatanimiz bayrog‘i ozod yurt uzra hilpirab turibdi. U bizni yurtimiz tinchligi, vatanimiz ravnaqi yo‘lida birlashtirib, mamlakatimiz mustaqilligini hamisha ko‘z qorachig‘iday asrashga, buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lishga, yuksak ishonch va qat’iyat bilan kelajakka qadam tashlashga da’vat etib turibdi. Davlat ramzlari – bayroq, gerb, madhiyamizda buyuk o‘tmish va yuksak madaniyatga ega bo‘lgan xalqimizning shon-sharafi, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va kelajak sari intilishlari mujassamdir. Mana shu ramzlarni e’zozlash orqali biz o‘z qadr-qimmatini, o‘z mamlakatimiz istiqboli, demakki o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaymiz. O‘z mamlakati bilan faxrlanadigan inson esa hamisha millatga saodat baxsh etadigan ulug‘ ishlarga qodir bo‘ladi.
O’zA