Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi: hamkorlikning muammo va istiqbollari
Soʻnggi kunlarda mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ga kirishi yo kirmasligi haqida qizgʻin muhokama va munozaralar boʻlmoqda. Fikr-mulohazalar esa turlicha. Keling, ularga xulosa yasashga shoshilmay, Oʻzbekistonning mazkur tashkilotga qoʻshilishining ijobiy hamda salbiy jihatlari haqida fikrlashsak.
2014-yil 29-mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida”gi Shartnomaning 4-moddasida uni tuzishning asosiy maqsadlari sifatida aʼzo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, tashkilot doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga intilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya, kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish kabilar belgilangan. Demak, bu Oʻzbekistonning yangi iqtisodiy siyosatining asoslarini belgilab bergan Harakatlar strategiyasi maqsadlariga mos keladi.
Ayni paytda YEOII aʼzolari — Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Armaniston davlatlarining umumiy maydoni 20,3 million kvadrat kilometrni tashkil etadi, aholisi 186 million kishi, YAIM hajmi 1,9 trillion AQSH dollariga teng. Koʻrinib turibdiki, YEOII — hajmi jihatidan juda katta bozor va bu bozorning teng huquqli aʼzosi boʻlish Oʻzbekistonga ulkan imkoniyatlar yaratib beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti asrlar mobaynida turli omillar taʼsiri ostida biri-birini toʻldirib turadigan yagona hududiy kompleks holida shakllangan. SSSR parchalangunga qadar Markaziy Osiyo davlatlari yagona hududiy kompleks sifatida saqlanib turgan.
1992 — 2016-yillar mobaynida beshta davlatning iqtisodiy aloqalari susaydi, oʻrtada sunʼiy toʻsiqlar paydo boʻldi. Bu davlatlarning hammasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashqi siyosat butkul oʻzgartirilib, hamma davlatlar, ayniqsa, qoʻshni mamlakatlar bilan aloqalar kengaytirilgani mintaqa davlatlari iqtisodiyotiga sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsata boshladi. Xususan, 2016 — 2019-yillarda YEOII davlatlari bilan hamkorlikning kuchayishi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi, tuman hamda shaharlarni industrial rivojlantirish maqsadida hududlarga chet el investitsiyalarini jalb qilish imkoniyatini oshiradi.
Ittifoq doirasida tovarlarning boj toʻlovlarisiz olib oʻtilishi, davlatlarning ichki bozorlariga mahalliy tovarlarning hech qanday toʻsiqlarsiz kirib borishi, bojxona idoralari faoliyatini tartibga solishning umumiy va mukammal tizimini yaratish, kapital harakati erkinligini taʼminlash imkoniyatlarini yaxshilaydi.
Bu iqtisodiy aloqalar kuchayishining ijobiy tomonlari edi. Shu bilan birga, uning ayrim salbiy jihatlari ham mavjud. Bular — mamlakatimizda mahsulotlari yuqori narxga ega boʻlgan korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsirlar boʻlishi, ichki bozorda import mahsulotlari hajmining koʻpayishi, ayrim tovarlar bozorida raqobatning ortishi, hozir turlicha boʻlgan texnik tartibga solish va standartlarni bir xil qilish bilan bogʻliq muammolar paydo boʻlishi, tayyor sanoat tovarlarini ishlab chiqarish boʻyicha tumanlararo tafovut ortishi kabi ehtimollar.
YEOII doirasida yagona elektr energiyasi bozorini yaratish va shu yoʻl orqali barcha aʼzo davlatlarni nisbatan arzon elektr energiyasi bilan taʼminlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishda bir yechimga kelish mumkin. Bular iqtisodiy oʻsishga ijobiy taʼsir qiladi.
Oʻzbekiston ittifoqqa aʼzo mamlakatlar ichida mehnat resurslari soni boʻyicha Rossiyadan keyin 2-oʻrinni egallaydi. Bu esa Oʻzbekistonning mehnat resurslariga boyligini, mehnat salohiyati yuqoriligini koʻrsatadi. Masalaga shu jihatdan yondashilsa, ittifoqqa aʼzo boʻlish mehnat munosabatlari masalasida koʻplab ijobiy natijalarni beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev taʼkidlaganidek, 1992 — 2016-yillar mobaynida Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasini yaratish bilan shugʻullanmadi, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga oʻtishni taʼminlay olmadi. Bozor iqtisodiyotiga oʻtishda xususiylashtirishni oʻtkazish va xususiy mulk xavfsizligini taʼminlash kerak.
Bunga qoʻshimcha qilib aytish mumkinki, siyosiy va iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish, xususiylashtirish konsepsiyalari hamda dasturlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etishda YEOII davlatlari bizdan ancha oldinga oʻtib ketgan. Shu bois mazkur tuzilmaga aʼzo boʻlib kirsak, biz ularning bu boradagi tajribasidan ham samarali foydalanishimiz mumkin.
Oʻzbekistonning YEOIIga qoʻshilishi masalasi haqida internet sahifalarida xorijiy va mahalliy ekspertlar fikrlari bilan tanishib chiqarkanman, aytish joizki, ular bir-birlaridan keskin farq qiladi. Ittifoqqa aʼzo boʻlishni ijobiy baholagan fikrlar koʻproq. Lekin ular ichida oʻta sayoz, chuqur oʻylanmagan, ortiqcha hayajonga berilgan, yetarli asoslanmagan, hatto mutlaqo haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan mulohazalar ham uchraydi. Ularga yirik siyosatshunos va iqtisodchi olim, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev yaqinda boʻlib oʻtgan bir anjumanda qatʼiy taʼkidlagan quyidagi gapni aytish kifoya: “Oʻzbekiston milliy manfaatlarga raxna soluvchi hech qanday shartnomaga qoʻl qoʻymaydi!”
Mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishining ayrim salbiy tomonlari mavjud boʻlsa-da, ijobiy jihatlari koʻp va salmoqli hamda ular Oʻzbekistonning manfaatlariga mos keladi. Hamma gap ushbu tashkilotga kirish uchun puxta tayyorgarlik koʻrishga bogʻliq. Ana shunda bu tadbir xalqimizning manfaatlariga xizmat qiladi va mamlakatimiz iqtisodiyoti yanada oʻsishiga yordam beradi.
“Xalq so‘zi” gazetasi, 29.10.2019y.