IHT xalqaro seminarining dolzarbligi nimada?
7-8-oktabr kunlari poytaxtimiz Toshkent Islom hamkorlik tashkilotining nufuzli xalqaro anjumaniga mezbonlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati, Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi (IHMDK) va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi (IHOKB) bilan hamkorlikda tashkil etiladigan mazkur seminar “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzuida boʻlib oʻtadi.
Seminar davomida yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularni ragʻbatlantirish uchun xizmat qiladigan mavjud xalqaro va mintaqaviy vositalarning qoʻllanilish sohasi tahlil etiladi.
Shuningdek, anjuman ishida IHTga aʼzo davlatlarda yoshlar oʻz huquqlaridan toʻliq foydalanishi yoʻlida duch kelayotgan muammolarni ajratib olish, yoshlarga taalluqli joriy siyosat va dasturlar taʼsirini oʻrganish, barcha davlat strategiyalarida yoshlar huquqlarini hisobga olish boʻyicha huquqiy, maʼmuriy va siyosiy doiralar faoliyatini aniq tavsiyalar bilan yaxshilash uchun yoʻl hamda vositalarni taklif etish kabi maqsadlarga erishish koʻzda tutilgan.
IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi har yili muayyan dolzarb mavzu doirasida xalqaro seminar tashkil etadi. Toshkentda boʻlib oʻtadigan Yillik 6-seminar mavzusi ham nihoyatda ahamiyatli.
Birinchidan, yoshlar huquqlari masalasida qabul qilingan xalqaro hujjatlar yetarli emas. Aytish oʻrinliki, Oʻzbekiston hukumati ushbu muammoga xalqaro hamjamiyat eʼtiborini birinchilardan boʻlib qaratdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish boʻyicha xalqaro tashabbusni ilgari surdi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatda globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari oʻz mujassamini topadi.
Demak, IHTning ushbu seminari keyinchalik qabul qilinadigan xalqaro meʼyoriy hujjatlar uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Ikkinchidan, hozirda IHTga aʼzo davlatlar aholisining koʻp qismini yoshlar tashkil etadi. Sotsiologlar 2050-yilga borib jahondagi yoshlarning uchdan bir qismi IHT mamlakatlarida yashashi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Yoshlar IHTga aʼzo davlatlar uchun salmoqli demografik salohiyat hisoblanadi. Sanoatda, innovatsion rivojlanishda bundan samarali foydalanish mumkin. Shu bilan birga, bu holat muayyan muammolarni ham yuzaga keltiradi.
Sifatli taʼlim berish, yetarlicha ish joylari yaratish hamda taʼlim olgandan soʻng mehnat bozoriga kirishni yengillashtirish, erkaklar va ayollar uchun mehnat bozorida keng imkoniyatlar shakllantirish, turmush darajasini oshirish uchun avlodlar oʻrtasidagi ijtimoiy mobillikka koʻmaklashish, yoshlarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishini hamda ularning zararli moddalarga bogʻliqligini kamaytirish kabi muammolar shular jumlasidandir.
Uchinchidan, tadqiqotlar IHTga aʼzo koʻpchilik mamlakatlarda yoshlarning salmoqli qismi faol emasligini, ular siyosiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etish va siyosiy qarorlarni amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlardan chetda qolayotganini koʻrsatmoqda. Bu, oʻz navbatida, musulmon yoshlarining integratsiyalashishiga, ular salohiyatidan unumli foydalanishga koʻproq eʼtibor qaratishni taqozo etadi.
Bu maqsadga “yoshlar muammolarini hal etish” bilangina emas, “yoshlar huquqlarini taʼminlash” bilan erishish mumkin. Bunday yondashuv orqali, birinchidan, yoshlar huquqlari taʼminlanadi, ikkinchidan, tinch-totuv, demokratik jamiyatlarni barpo etish va barqaror rivojlanishni taʼminlashda yoshlar salohiyatidan samarali foydalaniladi.
Seminarda shu kabi muammolar atroflicha oʻrganilib, yakunda milliy, mintaqaviy va global darajalarda turli manfaatdor tomonlar uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, yakunlovchi hujjat IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasida taqdim etiladi.
IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzolari, BMT, YUNESKO, YUNISEF, Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Yevropa Kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari qatnashadi. Bundan tashqari, IHTga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi 50 dan ortiq davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etadi.
Ushbu xalqaro seminarning biz uchun yana bir eʼtiborli jihati shundaki, anjuman sababli dunyo hamjamiyatining eʼtibori yana bir bor jannatmonand yurtimizga qaratiladi. Bu esa Oʻzbekistonning xalqaro imijini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘zA