Qashqadaryoda bo‘lib o‘tgan investitsiya forumida 302 mln dollarlik hujjatlar imzolandi
27−28 sentyabr kunlari Shahrisabzda bo‘lib o‘tgan Qashqadaryo investitsiya forumida umumiy qiymati 302,6 mln dollar bo‘lgan 24 ta hujjat imzolandi, deya xabar qildi tadbir tashkilotchilari.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Chiroqchi tumanida Hindistonning NTPC kompaniyasi bilan quyosh elektr stansiyasi qurilishi (investitsiya miqdori — 100 mln dollar), Eronning PooyaPolymer kompaniyasi bilan tomchilab sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish (2 mln dollar), Hindiston tijorat palatasi bilan sharbat mahsulotlarini ishlab chiqarish (15 mln dollar), Turkiyaning Akansu Group kompaniyasi bilan polietilen quvurlar ishlab chiqarish hamda Pokistonning Mega Engineering Works kompaniyasi bilan gugurt ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Forumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Italiya, Turkiya, Hindiston va boshqa davlatlardan 150 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi. Shahrisabzdagi bosh maydonda Qashqadaryo viloyatining eksport, investitsion va turistik salohiyati ko‘rgazmasi ochildi.
Gazeta.uz