Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorligi: energetika sohasidagi muloqot
Toshkentda 2019-yilning 20-sentyabr kuni Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorligiga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining birinchi mintaqaviy muloqoti (CAREC) va “Energetika investitsiya forumi – 2019“ oʻz ishini boshladi.
CAREC Osiyo taraqqiyot banki tashabbusi bilan 1997-yil mintaqaviy va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan. Bugungi kunda tashkilotga 11 davlat aʼzo. CAREC doirasida bojxona, transport-tranzit, energetika, suv resurslarini boshqarish, turizm, investitsiya kabi yoʻnalishlarda mintaqaviy loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Joriy yilda tashkilotga Oʻzbekiston raislik qilmoqda.
Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorligiga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining birinchi mintaqaviy muloqotida ishtirokchi davlatlar – Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston, Pokiston, Tojikiston davlatlari energetika vazirlari qatnashdi. Shuningdek, Turkiya energetika vaziri kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning tadbir ishtirokchilariga qutlovini Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov oʻqib eshittirdi.
Tadbirda CAREC mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi sifatida shakllangani, Oʻzbekiston esa tashkilot doirasidagi konstruktiv muloqotni taʼminlashda alohida oʻrin tutayotgani taʼkidlandi. Toshkentda ikl bor oʻtkazilayotgan mazkur muloqot mintaqada integratsiya jarayonini yanada chuqurlashtirish, SARES doirasidagi hamkorlikda yangi sahifa ochish imkonini berishi qayd etildi.
Soʻnggi ikki yilda bu yoʻnalishda mamlakatimizda muhim qadamlar qoʻyildi. Yoqilgʻi-energetika sanoatiga bozor mexanizmlarini joriy qilish ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekistonda atom energetikasini rivojlantirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 19-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Ushbu agentlik atom energetikasini rivojlantirish sohasida davlat boshqaruvi organi etib belgilangan.
Muloqotda mintaqada energetika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etilganidek, Markaziy Osiyoda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash zarurati va energiyaga boʻlgan talabning ortib borishi natijasida 2030-yilga kelib mintaqada energiya quvvatini ikki baravar oshirish talab etiladi. Bu esa, oʻz navbatida, sohaga kiritiladigan umumiy sarmoyalar hajmini 400 milliard dollarga oshirishni taqozo etadi.
Muloqotda investitsiyalar uchun maqbul sharoitni yaratishga doir taqdimotlar boʻlib oʻtdi. Mintaqaviy energetika xavfsizligini oshirish, mamlakatlar energetika tizimlarini isloh qilish va energetika bozorlarini erkinlashtirish takliflari ilgari surildi.
Tadbir doirasida CARECga aʼzo davlatlar energetika vazirlari tomonidan qoʻshma deklaratsiya imzolandi. Mazkur tarixiy hujjat tashkilotga aʼzo mamlakatlarga CAREC – 2030 uchun umumiy energetika strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda hamkorlikni mustahkamlashni koʻzda tutadi.
– Energetika sohasi mintaqadagi iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiradi, – dedi Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Divakar Gupta. – Muloqot doirasida imzolangan hujjat esa mintaqada ishonchli va arzon energiya taʼminoti, zamonaviy energiya bozorlarini rivojlantirish, barqaror energiya manbalaridan foydalanish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlaydi.
Tadbirda CARECning kelgusi 10 yillik uchun energiya strategiyasi tasdiqlandi.
Shu kuni muloqot ishtirokchilari Toshkentda tashkil etilgan “Energetika investitsiya forumi – 2019“ ochilishida ishtirok etdi.
Mazkur tadbir mintaqa energetika sektorining yangi imkoniyatlarini ochish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida tashkil etildi. Unda energetika sohasi rahbarlari, investorlar, xalqaro moliya institutlari, diplomatik korpus, ishbilarmon doira vakillari ishtirok etmoqda.
Forumda Markaziy Osiyoda muqobil energiya manbalariga oʻtishni foydali biznesga aylantirish masalalari, energetika sohasidagi mintaqaviy startaplar va innovatsion biznes modellar koʻrib chiqilib, biznes yuritish tartib-taomillari boʻyicha uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
CARECga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining birinchi mintaqaviy muloqoti va “Energetika investitsiya forumi – 2019“ ishtirokchilari poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrining “Oren Air” konsert dasturida qatnashdi.
OʻzA