Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 28-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi.
Oʻz navbatida, Van I Yangi Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosat sohasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi. Xususan, Xitoy tomoni har tomonlama strategik sherik sifatida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohot va yangilanishlar yoʻnalishini qatʼiy va izchil qoʻllab-quvvatlashini alohida taʼkidladi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa koʻplab sohalarda Oʻzbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki davlat rahbarlarining qatʼiyati va siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar misli koʻrilmagan oʻsish surʼatini namoyon etib, yangi amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni har tomonlama va sifatli amalga oshirish, jahon miqyosida bir-birini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish, ikki mamlakat xalqlari farovonligi yoʻlida hamkorlikning yangi ufqlarini belgilashga intilishi tasdiqlandi.
Savdo, transport-logistika, tibbiyot va farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya va qishloq xoʻjaligi, turizm, fan va taʼlim sohalarida hamkorlikni kengaytirishga oid aniq takliflar koʻrib chiqildi. Xususan, Oʻzbekiston-Xitoy tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard AQSH dollariga yetkazish boʻyicha birgalikda samarali chora-tadbirlar koʻrish zarurligi qayd etildi. Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi boʻyicha koʻp tomonlama ishlarni jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Ikki tomonlama va koʻp tomonlama shakllarda rejalashtirilgan tadbirlarning tashkiliy-texnik va mazmuniy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
2022-yil 28-29-iyul kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Tashqi ishlar vazirlari kengashi va 2022-yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining yigʻilishlariga tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi. Van I Xitoy tomoni Oʻzbekistonning SHHTga raisligi va uning doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
Afgʻonistondagi hozirgi vaziyat koʻrib chiqildi. Xitoy tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2022-yil 25-26-iyul kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiya yakunlarini yuqori baholadi. Davlatlararo savdoni kengaytirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadigan “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” strategik temir yoʻl liniyasi qurilishini tez orada boshlashni Xitoy tomoni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi bildirildi.