O'zbekiston: Tortishuvlardan so‘ng deputatlar qonun loyihasini qaytardi
2019-yil 19-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Xususan, parlament a’zolari “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, bugungi raqamli texnologiyalarning rivojlanishi to‘lov xizmatlari bozorini ham taraqqiy ettirishni taqozo qilmoqda. Biroq hozirda yurtimizda to‘lov agregatorlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lami cheklangan bo‘lib, ular asosan mobil aloqa, internet, kommunal va boshqa ayrim xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelyapti. Boisi to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlarining faoliyati na bank qonunchiligi, na boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. To‘lovlar va to‘lov tizimlarini tartibga solish, nazorat qilish borasida aniq bir davlat organining vakolat va majburiyatlari qonunchilikda aniq belgilab berilmagani ham mazkur sohada xatarlarni vujudga keltirmoqda.
Deputatlar muhokama qilgan mazkur qonun loyihasi bu boradagi xavf-xatarlarning oldini olish bilan birga, qator dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyiha, avvalo, ushbu tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning ko‘lamini kengaytiradi, to‘lov tashkilotlariga mikromoliya xizmatlarini ko‘rsatish, elektron pullar bilan operatsiyalar amalga oshirish kabi xizmatlarni taqdim etish vakolatini beradi. Bu o‘zgarishlar elektron xizmatlar ommabopligini oshiradi, to‘lovchilar uchun qulayliklar yaratadi.
Ana shu muhim jihatlar, ya’ni, amaliyotda yangilik bo‘lgan, xalqimizga katta foyda keltirishini inobatga olib, ushbu qonun loyihasi joriy yilning 3 iyul kuni Qonunchilik palatasining yalpi majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi. O‘tgan vaqt mobaynida mas’ul qo‘mita hamda ishchi guruh tomonidan bir necha bor muhokamalar o‘tkazildi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida loyihaning qoida va normalari takomillashtirildi. Norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, loyihadan havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi.
Majlisda so‘zga chiqqan deputatlar ham, tijorat banklari mutasaddilari hamda to‘lov tizimi operatorlari ham bugungi kunda mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi muhim ahamiyatga egaligi, unga juda katta ehtiyoj mavjudligini ta’kidladilar. Ularning fikricha, loyihaning qabul qilinishi respublika milliy to‘lov tizimlarining uzluksizligini ta’minlashga va barqarorligini oshirishga, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratilishiga, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini muhofazalashga xizmat qiladi.
Majlisda tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan birinchi o‘qishda atroflicha muhokama qilindi.
Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kollizion normalar, ikki xil sharhlash, korrupsiya ko‘rinishlari va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlariga olib keluvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyotini bartaraf etishda huquqiy asos bo‘ladi. Shuningdek, huquqiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan davrda norma ijodkorligi faoliyatiga taalluqli barcha o‘zgartirishlarni, shu jumladan, qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmini qonunchilik darajasida mustahkamlash ta’minlanadi. Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish asosi va tartibga solish predmetini aniq belgilash, normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini kelishishning umumiy qoidalari o‘rnatiladi.
Qonunchilik palatasining majlisida muhokamasi qizg‘in kechgan masala — O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qo‘mitasi xulosasiga ko‘ra rad etildi.
Majlisda, shuningdek, parlament quyi palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati