Suv resurslarini samarali boshqarish va tejash boʻyicha vazifalar belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 19-sentyabr kuni suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Maʼlumki, butun dunyoda suv taqchilligi muammosi yildan-yilga kuchayib bormoqda. Mamlakatimizda bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, suvdan oqilona foydalanish choralari koʻrilmoqda. Sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida Suv xoʻjaligi vazirligi tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbari koʻrsatmalariga muvofiq ishlab chiqilayotgan qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2030-yilgacha moʻljallangan strategiyasida ham suvdan foydalanish va uni tejash boʻyicha dolzarb chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Yigʻilishda sugʻorishdagi yoʻqotishlarni qisqartirish, ajratilayotgan byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda 3 million 200 ming gektar yerga 46 milliard kub metr suv sarflanib, uning 60 foizi ekinlarga yetib boryapti, xolos. Chunki jami 180 ming kilometr sugʻorish tarmoqlarining 23 foizi beton qoplamali boʻlib, ular ham 30-35 yildan buyon deyarli yangilanmagan. Yana bir sababi ekin maydonlarining 98 foizi eskicha uslubda sugʻorilayotgani, ekinlar nomaqbul joylashtirilayotganidir. Suvdan samarali foydalanish, hisobini yuritish, irrigatsiya tarmoqlarida suv tejovchi yangi texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha hech bir tashkilot talab qoʻymayapti.
Shu bois hududlarning suv taʼminoti va uni tejash imkoniyatidan kelib chiqib, ekinlarni joylashtirishning takomillashtirilgan tizimini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Suv xoʻjaligi vazirligiga Janubiy Koreyaning 7 million dollarlik granti hisobidan 61 ta suv xoʻjaligi obyektida suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Aqlli suv” tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Kelasi yili 120 ta, 2023-yilgacha esa 300 ta obyektda ushbu tizim tatbiq etiladi. Energetika vazirligiga 1 ming 700 ta nasos stansiyasini 2020-yil yakunigacha elektr energiya isteʼmolining avtomatlashgan nazorat tizimiga oʻtkazish topshirigʻi berildi.
Umuman, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Sohada bozor mexanizmlarini tatbiq etish ham zamon talabi. Negaki, hozirda hatto yuqori daromad keltiruvchi ekin maydonlari, bogʻlar va tokzorlarga ham suv davlat hisobidan yetkazib berilmoqda. Shulardan kelib chiqib, 2020-yilda 22 ta tumandagi 50 ta obyektni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda suv xoʻjaligida ilm va innovatsiyani jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish bilan chambarchas bogʻlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, talabalarda loyihalash koʻnikmasini shakllantirish, xorijiy tajriba va mutaxassislarni jalb qilgan holda tizimga innovatsiyalar kiritish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Loyihalash guruhi”ni tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Barcha yirik loyihalarda ilmiy xodimlar va iqtidorli talabalarni obyektlarga biriktirish, ularning xorijda malaka oshirishiga koʻmaklashish hamda ilmiy-innovatsion ishlanmalarni ushbu loyihalar doirasida amaliyotga tatbiq etish lozimligi taʼkidlandi.
Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish sohadagi eng asosiy vazifadir. Bunday texnologiyalar samaradorligi Fargʻonadagi bitta fermer xoʻjaligi misolida tahlil qilinganda, suv sarfi xarajatlari 50 foizga, oʻgʻit 37 foiz, yoqilgʻi 35 foizga qisqargan.
Shu bois keyingi yilda qoʻshimcha 200 ming, 2025-yilgacha 1 million gektar ekin maydoniga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Bugungi kunda suv xoʻjaligi tashkilotlari tasarrufida 4 mingta sugʻorish qudugʻi mavjud. Bitta quduq 30 gektar maydonga xizmat koʻrsatib, yiliga 40-50 million soʻmgacha xarajat qilinmoqda. Sugʻorishda quduq suvini odatdagidek ishlatish oqibatida yer osti suvi borgan sari kamaymoqda. Shuning uchun mutasaddilarga quduq suvlari isteʼmolchilarini 2020-yilda suv tejovchi texnologiyalar va quyosh panellaridan foydalanishga oʻtkazish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Yana bir masala – hozirda suv obyektlarini qurish, rekonstruksiya va ekspluatatsiya qilish boʻyicha ham buyurtmachi, ham pudratchi vazifasini bitta idora – Suv xoʻjaligi vazirligi amalga oshirmoqda. Bu esa sogʻlom raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois 57 ta pudrat korxonasini vazirlik tizimidan chiqarib, alohida aksiyadorlik jamiyatiga birlashtirish vazifasi qoʻyildi.
Suv isteʼmolchilari uyushmalari faoliyatini qayta koʻrib chiqish zarurligi, ular investitsiya, grant va boshqa mablagʻlar jalb qila oladigan, maxsus texnikalarga ega, fermerlarga sifatli xizmat koʻrsatuvchi professional tuzilma sifatida faoliyat yuritishi kerakligi qayd etildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddilar hisobot berdi.
O'zA