O‘zbekiston 2020 yilda ilk marta U-19 Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi
O‘zbekiston 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan 19 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik huquqini qo‘lga kiritdi.
OFK xabariga ko‘ra, bugun Kuala-Lumpurda OFK Musobaqalar qo‘mitasining ilk yig‘ilish o‘tkazildi va unda U-19 Osiyo chempionati bahslarini qabul qilish uchun ariza bergan mamlakatlar ichida O‘zbekiston nomzodi ma'qullandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marta mazkur yosh toifasidagi qit'a birinchiligiga mezbonlik qiladigan bo‘ldi. Bunga qadar 2008 va 2010 yillarda U-16 Osiyo chempionati final bosqichi Toshkentda o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 sentabr kuni OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa Toshkentda bo‘lib, kunning birinchi yarmida O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev hamda vazirning birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov bilan uchrashgan, tushdan so‘ng esa O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan edi.
Yoshlar o‘rtasidagi 2020 yilgi Osiyo chempionati kelasi yilning 14-31 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. 16 jamoa qatnashadigan musobaqa yarim finalchilari 2021 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Bugun, shuningdek, o‘smirlar o‘rtasidagi 2020 yilgi Osiyo chempionatiga Bahrayn mezbonlik qilishi ham ma'lum bo‘ldi. Ushbu turnirga saralashning «B» guruhi o‘yinlari ertaga, 18 sentabr kunidan Toshkentda boshlanadi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston U-16 termasiga Azamat Abduraimov, U-19 termasiga Otabek G‘ulomxo‘jayev murabbiylik qilmoqda.
Kun.uz