Parlament eshituvi O‘zbekistonda: axborot tarqatish sohasidagi muammolar nega buncha ko‘paymoqda?
Axborot asrining qulayliklari yaqqol namoyon bo‘layotgan bugungi kunda uning o‘ziga yarasha muammolari ham bo‘y ko‘rsatmoqda. Natijada yolg‘onga asoslangan, shov-shuv ko‘taruvchi, o‘zgalar sha’ni va qadr-qimmatini toptaydigan, fuqarolar shaxsiy hayotiga daxl qiladigan axborotlar tarqalishi ham odatiy holga aylanmoqda.
Tobora o‘tkirlashib borayotgan ana shu muammodan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 17 avgust kuni o‘tkazilgan majlisida deputatlar tomonidan axborotni tarqatish sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan parlament eshituvini o‘tkazish haqidagi masala ko‘tarilib, qaror qabul qilingan edi.
Shu asosda 2019 yil 12 sentabr kuni parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari deputatlaridan iborat Demokratik kuchlar bloki tashabbusi bilan “Axborot tarqatish sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish” mavzusida parlament eshituvi o‘tkazildi.
Unda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyat hayotining turli jabhalarini takomillashtirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratib bermoqda.
Milliy axborot sohasining liberallashtirilishi aholining media savodxonligini oshirishga, davlat va jamiyat orasida ochiq konstruktiv axborot almashinuvini faollashtirishga xizmat qilishi bilan birga, ommaviy axborot vositalari yordamida jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini oshirishga ham imkon yaratdi.
Darhaqiqat, deputatlar qayd etganidek, milliy axborot sohasining rivojlanishi barobarida demokratik o‘zgarishlar bilan birga, fuqarolarning axborot huquqlari buzilishi va yana bir qator jiddiy muammolar ham ko‘zga tashlana boshladi. Bugungi kunda tashqi va ichki axborot tahdidlarning kuchayib borishi davlat va jamiyat barqarorligi uchun potensial xatarga aylanib, barqaror rivojlanish jarayonlariga to‘sqinlik qilmoqda hamda shaxs, davlat va jamoatchilik axborot xavfsizligining buzilishiga olib kelmoqda.
Bugungi zamonning eng dolzarb muammolaridan biri – internet tarmog‘i orqali nolegal, noxolis axborotlarning ommaviy tarqatilishidir.
Albatta, qonun doirasida faoliyat ko‘rsatayotgan va o‘z chiqishlari bilan nafaqat ma’naviy, balki muayyan masalalarda moddiy naf keltirayotgan kontentlar, xususan, faol blogerlar jonkuyarligi ham tahsinga sazovor. Lekin shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardan, tezkor xabarlarni tarqatish texnik maydonchalaridan, ommaviy axborotlarni tarqatish messenjerlaridan fuqarolarning shaxsga doir huquqlari, ularning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi axborotning konfedensialligi qo‘pol ravishda buzilgan holda foydalanish holatlari ko‘plab uchramoqda. Internet tarmog‘ida shaxsini aniqlab bo‘lmasligi imkoniyatidan foydalanib, ayrim foydalanuvchilar qonunlarda taqiqlangan haqorat va tuhmatga asoslangan axborotlarni tarqatmoqda.
Eng xavflisi, balog‘at yoshiga yetmagan bolalar va yoshlar uchun ham bunday nolegal axborotlarning tarqatilayotganidir. Yoshlar ulg‘ayishining fiziologik va psixologik xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, ular internet tarmog‘idagi qonunga xilof ravishda tarqatilayotgan axborotlarning qurboniga aylanib qolmoqda.
Nolegal axborotlar tarqatilishi jarayonlariga qarshi keskin kurashish uchun tegishli davlat organlarining aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan harakatlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarida belgilangan qoidalar amaliyotining samaradorligini ta’minlashni talab etadi.
Parlament eshituvi doirasida milliy axborot makonini yanada barqaror rivojlantirish maqsadida axborot sohasining milliy qonunchiligini optimallashtirish yo‘llari muhokama qilindi. Buning uchun tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari hamda mas’ul xodimlarini jalb qilgan holda, hukumat a’zolarining axborotini muntazam eshitib borish amaliyotini joriy etish taklifi ilgari surildi.
Parlament vakillari ushbu masalaning bugungi kun uchun nihoyatda dolzarblik kasb etayotganini inobatga olgan holda, faqatgina Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati bilan cheklanmasdan, Vazirlar Mahkamasining mutasaddilari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining ham bu masalaga munosabatini eshitish imkoniyati yaratilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Boisi, tadbirda axborot sohasini rivojlantirishga, axborot xavfsizligini ta’minlashga, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga mas’ul vakolatli organlarning faoliyati tahlil qilindi, ayni jabhada samarasiz ishlayotgan muassasalar tanqid ostiga olindi. Ayniqsa, yoshlar muhitida ta’lim-tarbiya jarayonlari hali-hanuz axborot tarqatish sohasidagi hamda nazoratsiz axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari kengayishidagi o‘zgarishlar inobatga olinmay kelinayotgani taassuf bilan qayd etib o‘tildi. Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ta’lim muassasalari qonun hujjatlari bilan yuklatilgan, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga qaratilgan, ta’lim muassasalari faoliyatiga zamonaviy dastur va metodikalarni ishlab chiqish hamda joriy qilish bo‘yicha vazifalarni bajarmayotgani asosli dalillar bilan ko‘rsatib o‘tildi.
Deputatlarning fikricha, tahlillar fuqarolarning axborot huquqlari va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlash, milliy madaniyat va qadriyatlarni mensimaslik, davlat hokimiyati institutlariga ochiqdan-ochiq hurmatsizlik hamda axloq me’yorlariga zid kontentlarni targ‘ib qilishga qarshi kurashish bo‘yicha davlat organlarining aniq maqsadga yo‘naltirilgan hamda tizimli ishlari yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi vaqtlarda, ayniqsa, jamiyat iste’molidagi axborot mahsulotlari sifatining pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Telekanallarning auditoriya tijoriy qiziqishlariga asoslangan sifati va saviyasi past teleseriallar, dasturlarni namoyish etishga ommaviy o‘tishi milliy axborot makoni holatini sezilarli darajada yomonlashtiryapti.
Yig‘ilish jarayonida, shuningdek, milliy bosma ommaviy axborot vositalarining raqobatbardoshligi, ularning jamoatchilik fikrini shakllantirish jarayonlariga ta’sir darajasi pasayib ketgani ham aniq dalillar asosida aytib o‘tildi.
Vakolatli davlat organlari axborot sohasini rivojlantirish siyosatini fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ishlab chiqish borasidagi ishlardan o‘zlarini chetga olish holatlari mavjudligi qayd etildi. Ular tomonidan ushbu sohadagi ishlar samaradorligini oshirish uchun jamoatchilik imkoniyatlarini jalb qilish, dolzarb, ishonchni qozonadigan axborot materiallarini yaratish borasida zaruriy sharoitlar yaratilmagan.
Qizg‘in bahs-munozara ruhida kechgan parlament eshituvida deputatlar mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan muhokama qilinayotgan masala doirasida amalga oshirilayotgan ishlari samaradorligi pastligi xavotirga solayotganini ta’kidlab o‘tishdi.
Eshituv yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ko‘tarilgan masala yuzasidan o‘z yechimini kutayotgan masalalar, kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qamrab olgan, sohada amaliy parlament nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati