O‘zbekiston: Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tashkil etildi
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident Farmoni qabul qilindi (PF-5817-son, 11.09.2019-y.).
Farmon bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzurida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tashkil etildi.
Agentlik isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Farmonga koʻra, Agentlikka isteʼmolchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish, uni buzgan shaxslarga nisbatan chora koʻrish uchun sudga murojaat qilish kabi huquqlar berildi.
Shuningdek, Agentlik chakana savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida tovar va xizmatlarning nazorat xaridini oʻtkazishi, ularni ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil qilishi mumkin.
Agentlik va Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari sudga kiritiladigan daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
Agentlikka Qoʻmita raisining taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali