Yangilanayotgan O‘zbekistonning shiddatli uch yili
«Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalari talqini bo‘yicha Shavkat Mirziyoyevning eng muhim 20 ta tashabbusi.
Bundan uch yil avval, 2016 yil 8 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi. Shavkat Miromonovich ilk kunlardanoq o‘z yurti va xalqi, har bir vatandoshimizning taqdiri uchun ulkan ezgu maqsadlar bilan ish boshladi.
Tarix nuqtai nazaridan bu g‘oyat qisqa fursat. Ammo shu vaqt ichida mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz berdiki, ularning epkinlari nafaqat yurtdoshlarimiz turmushiga farovonlik olib kirdi, shu bilan birga, Markaziy Osiyo mintaqasi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotida ham tub burilish yasadi. Boshqacha aytganda, jamiyatimizda kechayotgan o‘zgarishlar O‘zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirdi.
“Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yangilanayotgan O‘zbekistonning shiddatli uch yilidagi eng muhim 20 ta tashabbusiga e’tibor qaratdi. Quyida ularning ahamiyati haqida so‘z yuritamiz.
1. Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit
«Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, chegaralarning ochilishi, Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot o‘rnatilishi».
Mamlakatimiz tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Ekspertlarning qayd etishicha, O‘zbekiston rahbarining qo‘shni davlatlarga nisbatan siyosatini kengroq ma’noda tushunish kerak. Ya’ni Shavkat Mirziyoyev qo‘shni mamlakatlarga raqobatchi sifatida emas, balki hamkor sifatida qaramoqda. Bunday yondashuv umumiy masalalarni birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan muvaffaqiyatli hal qilishda muhim omil hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, chet elliklarning O‘zbekistonga munosabati ham ijobiy tarafga o‘zgardi. Qo‘shni davlatlar bilan aloqalarning jadallashgani, umumiy muammolarning hal etilgani, ya’ni ayrim sun’iy to‘siqlar bartaraf qilinishi, davlat chegarasidagi ba’zi nazorat-o‘tkazish punktlarida cheklovlar olib tashlanishi bunga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Qo‘shni davlatlar fuqarolari O‘zbekiston rahbari siyosatini yuqori baholab, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashmoqda. Bugun chegaradosh hududlarda ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz o‘zaro bordi-keldi qilayotgan odamlar quvonchining cheki yo‘q. Eng muhimi, ular yana bir bor xalqlar mushtarakligi va yakdilligini his etishdi.
Xalqaro kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, O‘zbekiston rahbarining qat’iy sa’y-harakatlari bilan Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi, mintaqada siyosiy ishonch darajasi sezilarli darajada yuksaldi.
2. Davlat chin ma’noda xalq xizmatiga bel bog‘ladi
Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi.
Xalq bilan muloqotning noyob tizimi fuqarolarning davlat organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish imkonini berdi. Tizimga asos solinganidan beri hozirgi kungacha uch milliondan ortiq fuqarolarimiz Prezident virtual va Xalq qabulxonalari orqali o‘zlarining dolzarb muammolarini hal qildi.
O‘tgan davr mobaynida Virtual hamda Xalq qabulxonalari mamlakatni yangilashning amaliy mexanizmiga aylandi. Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilayotgan ko‘plab selektor yig‘ilishlari fuqarolarning kundalik hayotiga doir murojaatlarni ko‘rib chiqishga qaratilgan ishlarning borishi muhokamasidan boshlanadi.
Yurtdoshlarimizning murojaatlari ayni paytda butun boshli sohalarda haqiqiy ahvolni ko‘rsatadigan indikator, jamiyat kayfiyatini o‘rganish barometri, tahlil, asosiy dasturilamal hujjatlar uchun noyob material hamdir.
3. Oqilona valyuta siyosati
Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishi, bank sektoridagi islohotlar.
Bundan 3-4 yil avval bank-moliya tizimida jiddiy muammolar mavjud edi. Masalan, dollarning uch xil kursi iqtisodiyot rivojiga jiddiy to‘sqinlik qilardi. Yoki plastik kartadagi mablag‘larni naqdlashtirish ham oddiy odamlarga juda qiyinchilik tug‘dirardi. 20 — 30 foizgacha qo‘shimcha haq to‘lashga to‘g‘ri kelardi.
Aholiga valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida dastavval xalqaro to‘lov kartalariga sotib olingan xorijiy valyutani tijorat banklarida naqd shaklda yechib olish mexanizmi joriy etildi. Aholi gavjum joylarda 24 soat rejimida ishlovchi chakana bank xizmatlari markazlari hamda avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari tashkil etish choralari ko‘rildi.
Joriy yildan boshlab xorijiy valyutani banklar emin-erkin sotishni boshladi. Endilikda AQSh dollari narxi ham boshqa tovarlar narxi singari bozorda shakllanadi, uning narxini sotuvchi bilan oluvchi belgilaydi.
4. Hamma uchun foydali
Soliq konsepsiyasi: yangiliklar, imtiyozlar.
2018 yil 29 iyun nafaqat soliq tizimi, balki butun mamlakat hayotida so‘nggi yillardagi eng muhim voqealardan biri bo‘ldi. Aynan shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi tarixiy Farmonga imzo chekdi. Ushbu hujjat oddiy fuqarolar daromadida, ish bilan band bo‘lishiga ko‘rsatadigan kuchli ta’siri orqali ularning turmush tarzida bevosita aks etishi bilan ahamiyatli. Qolaversa, kichik biznesni respublika iqtisodiyotining real sektori uchun tom ma’nodagi tayanchga aylantirib yuborishi, davlat uchun esa yillar davomida eskirgan va mamlakat taraqqiyotiga har tarafdan to‘g‘anoq bo‘layotgan murakkab hamda og‘ir soliq tizimini tubdan yangilash sari yo‘l ochib berishi bois ham tarixiydir.
Konsepsiyaga binoan, 2019 yil 1 yanvardan e’tiboran, mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga soliq yuklamasi, barcha jismoniy shaxslar daromadlariga 12 foizlik yagona soliq stavkasi joriy etilishi orqali pasaytirildi. Shundan 0,1 foizi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisoblariga yo‘naltirildi, shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy badallari bekor qilindi. Biznes uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha tushirildi. Yuridik shaxslar aylanmalari (naqd pul tushumi)dan undiriladigan davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar bekor qilindi, yuridik shaxslar foydasiga soliq stavkasi 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun esa 22 foizdan 20 foizgacha kamaytirildi. Qo‘shimcha qiymatga soliq stavkasining 20 foizlik hozirgi miqdori saqlab qolinib, bunda soliq hisobi to‘laqonli tizimi joriy etildi. Deylik, avvalgi holatda jismoniy shaxslardan eng kam ish haqining 1 barobaridan 5 barobarigacha 7,5, 5 barobaridan 10 barobarigacha 16,5, 10 barobaridan yuqori bo‘lsa 22,5 foiz miqdorida daromad solig‘i ushlab qolinayotgan bo‘lsa, o‘zgarishdan so‘ng bu raqam bir xil — 12 foiz etib belgilandi. Ya’ni fuqaro qancha maosh olishidan qat’i nazar, undan 12 foiz daromad solig‘i ushlab qolinadi xolos.
5. Vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat, mardlik va jasurlik
Modernizatsiya yo‘lidagi Qurolli Kuchlar.
Hozirgi kunda dunyoda oldindan aytish qiyin bo‘lgan vaziyat hukm surayotgan murakkab bir sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini chuqur anglagan holda, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Ushbu strategiya asosida o‘tgan vaqt davomida mamlakatimiz hayotining boshqa tarmoqlari qatorida harbiy qurilish sohasida ko‘pgina eng dolzarb va muhim masalalar bo‘yicha aniq chora-tadbir va harakatlarni ko‘zda tutadigan qarorlar qabul qilindi, ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlar samarali tashkil etildi.
Shu tariqa qisqa vaqt mobaynida aniq natijalarga erishildi, Qurolli Kuchlarimizning kelgusidagi qiyofasini belgilab beradigan strategik tamoyillar va ana shu maqsadga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi yangilangan holda qabul qilindi. 2017 yilda Milliy gvardiya va Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etildi, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. Harbiylarni uy-joy bilan ta’minlash, oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini ta’minlash borasida joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish bo‘yicha ishlar butunlay yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.
Har bir hududda harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi, ularga bevosita rahbarlik qilish mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari zimmasiga yuklandi.
Unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida mustahkam hayotiy pozitsiya va Vatanimiz taqdiri uchun yuksak mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish maqsadida vatanparvarlik tarbiyasi sohasida mohiyat-e’tiboriga ko‘ra noyob tizim yaratilib, uning doirasiga mamlakatimiz aholisining keng qatlamlari qamrab olindi.
6. Odamlarimiz olis kelajakda emas, bugun baxtli yashashga haqli
«Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari va ehtiyojmand oilalarga turarjoylar berilishi.
Bugun odamlarni rozi qilish ularda ishonch hissini, Vatanga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Binobarin, baxtli odamlargina dunyoni yangilashga, o‘zgartirishga qodir. Mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda jo‘shqin hamda jadal islohotlar davriga kirdi. Shu islohotlarning eng ustuvorlaridan, muhimlaridan biri “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlaridir.
Mazkur dasturlarga muvofiq, yurtimizning barcha hududidagi qishloq va mahallalarda qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Misol uchun, Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘i 45 kun ichida qaytadan qurildi. Shu bilan birga, yakka tartibdagi uy-joy va ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, elektr, gaz, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va qayta tiklash, kanalizatsiya qudug‘i hamda yo‘llarni ta’mirlash yumushlari olib borilmoqda. Bozor va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilyapti. Bundan tashqari, maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari kabi ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va ta’mirlash ishlari davom etyapti.
7. «Tashkent City» — shahar ichidagi zamonaviy shahar
Poytaxtimiz Markaziy Osiyoning haqiqiy megapolisiga aylanadi.
“Tashkent City” xalqaro biznes markazi bo‘ladi. Mazkur zamonaviy kompleks poytaxtimizning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 80 gektar hududda barpo etilmoqda. Loyihaga muvofiq, “Tashkent Sity”da biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, kongress-xoll, ko‘rgazma zallari, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sun’iy ko‘l, favvoralar, ijtimoiy va boshqa ob’ektlar quriladi.
Ayni paytda kongress-xoll va besh yulduzli mehmonxona qad rostlab ulgurdi. Kongress-xoll binosi ikki qavatdan iborat bo‘lib, uning markazida katta va kichik zallarga transformatsiya bo‘ladigan 4 ming o‘rinli xoll mavjud. Bundan tashqari, bir vaqtning o‘zida 8 ta delegatsiyani qabul qilish imkoniyatiga ega qo‘shimcha zallar ham bor.
21 qavatli besh yulduzli mehmonxonaning qurilish ishlari ham jadal sur’atlarda davom etmoqda. “Hilton” brendi ostida faoliyat yuritadigan bu otelda 258 ta xona bo‘ladi. Bundan tashqari, 3 ta restoran, banketlar zali hamda 6 ta majlislar zali mavjud.
8. Bu yerda tarix yaratilmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — yirik ilmiy-amaliy muassasa.
Respublikamizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilyapti. Bu sa’y-harakatlar zamirida islom dini ta’limotini chuqur o‘rganish, ilm va tamaddun g‘oyalarini targ‘ib etish, jamiyatda “Jaholatga qarshi — ma’rifat” tamoyilini kuchaytirish kabi ezgu g‘oyalar mujassam.
Shu maqsadda 2017 yil 23 iyunda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 2017 yil 1 sentabr kuni davlatimiz rahbari Hazrati Imom majmuasida tashkil etilayotgan Islom madaniyati markazi nomini Islom sivilizatsiyasi markazi deb o‘zgartirishni taklif etdi.
Prezidentimiz Hazrati Imom majmuasida bir necha marta bo‘lib, markazning qurilish jarayoni bilan tanishdi. Markaz qurilishi bo‘yicha taqdim qilingan loyihaga alohida e’tibor qaratib, bu markaz bizning islom ma’rifati targ‘ibotidagi yuzimiz bo‘lishini, shunday ekan, uning tashqi ko‘rinishidan tortib, bu yerda ishlatiladigan qurilish materiallarigacha e’tibor berish lozimligini ta’kidladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, birinchi navbatda, gumanitar fanlarning eng ustuvor sohalarida fundamental tadqiqotlar olib boradigan, yoshlarga bilim va tarbiya beradigan, zamonaviy, akademik yo‘nalishda chuqur va keng faoliyat olib boradigan yirik ilmiy-amaliy muassasa hisoblanadi.
Markaz uchun 9,1 gektar maydon ajratilgan. Bino milliy an’anaviy usulda qurilmoqda. Ushbu hududga kiraverishda ko‘zingiz dastlab “Bu yerda tarix yaratilmoqda”, degan yozuvga tushadi. Darhaqiqat, bu yerda uzoq kutilgan tarixiy maskan qad rostlamoqda. Markaz, avvalo, me’moriy va binokorlik nuqtai nazaridan nihoyatda ulug‘vor, muhtasham va noyob bo‘ladi.
Uch qavatli markaz loyihasi sharqona uslubda ishlangan bo‘lib, undan anjumanlar va ko‘rgazma zallari, qadimiy qo‘lyozma va osoriatiqalarni ta’mirlash bo‘limlari, tarixiy manba va ashyolarni saqlash xonalari, kutubxona o‘rin oladi. Binoning simmetrik markazida Usmon Qur’oni zali joylashadi. Axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalar eng yuqori qavatda bo‘ladi.
Ushbu markaz orqali xalqimizning ilm-ma’rifat, madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi muhrlanadi. Pirovardida shunday ulug‘ meros xalqimizga, yoshlarimizga chuqur yetib boradi.
9. Unutilmas baxt
Fuqarolik sharafi.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ilk bor O‘zbekistonda fuqarolikka qabul qilingan mamlakat fuqarolariga pasportlar berish yo‘lga qo‘yildi.
Shu kungacha minglab kishilarga fuqarolik pasporti berildi. Ularning barchasida bir niyat mujassam: “Men shu paytgacha shu yurt uchun qancha xizmat qilgan bo‘lsam, endi u mening haqiqiy Vatanim, ona yurtim bo‘ldi. Mening yurtim taraqqiyotiga qo‘shajak mehnatim yana o‘n chandon oshishiga so‘z beraman”.
10. Katta hayot uchun
yana bir imkoniyat
Afv etish xalqimizga xos kechirimlilik va insonparvarlik namunasi.
Tarixda ilk bor Prezidentimiz tomonidan adolatli afv etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Unga asosan, turli holatlarda jinoyat sodir etgan, qilgan ishidan qattiq pushaymon bo‘lgan va to‘g‘ri yo‘lga kirgan, turarjoyi hamda jazoni o‘tash muassasalarida ijobiy tavsif olgan shaxslar jazoni o‘tash koloniyalaridan ozod qilinmoqda.
Oxirgi uch yilda davlatimiz rahbari tomonidan 7 marta afv e’lon qilinib, 3952 nafar shaxs kechirilgani bunga yaqqol dalildir. Natijada qanchadan-qancha oilalarning bag‘ri to‘ldi. Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmon yana ko‘plab qalblarga shodlik ulashdi.
11. «Mehr» ulashib
Suriyadan qaytarilgan vatandoshlar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Mehr” nomli tadbir amalga oshirildi.
Hech kimga sir emas, Suriya davlatida bo‘layotgan urush jarayoni, terrorchilik va ekstremistik harakatlarga bir qator o‘zbekistonliklar ham aralashib qolgan. Lekin ularning ichida o‘zi tushunib-tushunmasdan, adashib borib qolgan, ekstremistik guruhlar faoliyatining jabrini ko‘rganlar ham bor.
Yurtboshimiz topshirig‘iga ko‘ra, 2019 yilning 30 may kuni 156 nafar fuqaro, xususan, 48 nafar ayol va 107 nafar bola jangarilar lageridan Vatanimizga qaytarildi. Ular aldov yo‘llari bilan Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududiga adashib borib qolgan fuqarolarimizdir.
Og‘ir hayotiy davrni boshdan o‘tkazib, Vatanga qaytgan hamyurtlarimizga O‘zbekiston Hukumati reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashishlari uchun har tomonlama yordam ko‘rsatdi.
Xususan, Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, Hukumat qarori bilan Maxsus komissiya tashkil etildi va uning tarkibiga kirgan mas’ul vazirlik va idoralar mutasaddilariga aniq vazifalar belgilab berildi.
Respublikaga qaytarilgan vatandoshlarimiz ijtimoiy reabilitatsiya hamda sog‘lomlashtirish maqsadida Toshkent viloyati hududidagi kerakli sharoitlar yaratilgan sanatoriyga joylashtirildi.
Vatandoshlarimizga va ularning oila a’zolariga ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy yordam berish maqsadida sanatoriyda mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ularga 24 soat davomida ko‘maklashish uchun vakillar biriktirildi.
Sanatoriyning o‘zida ularga tibbiy yordam va psixosotsial ko‘mak berish, shaxsiy hujjatlarni tiklash, bandligini ta’minlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy dasturlarda ishtirok etish hamda ijtimoiy nafaqalar to‘lash choralari ko‘rildi.
Ma’lum muddat o‘tgach, barcha vatandoshlar o‘z uylariga yuborildi. Ular ayni paytda jamiyatimizning faol a’zosi sifatida hayot kechirmoqda.
12. Afg‘onistonga yondashish o‘zgardi
Mamlakatimiz tashqi siyosatida Afg‘onistonga muammo va tahdidlar manbai emas, balki noyob strategik imkoniyatlar mamlakati sifatida qarash boshlandi.
Mintaqamizdagi barqarorlik hamda izchil taraqqiyot bevosita qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik qaror topishi bilan uzviy bog‘liq. Binobarin, ushbu mamlakat Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan hamda shunday bo‘lib qolajak.
Bizni umumiy tarix, din, madaniyat va urf-odatlar hamda xavfsizlikni ta’minlash, savdo-sotiqni rivojlantirish sohasidagi manfaatlar birlashtiradi. Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlarining Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga eng qisqa yo‘lni ta’minlashi, Hindiston, Eron hamda Pokistonni Yevropa va Yaqin Sharq bozorlari bilan bog‘lashi mumkin.
Shuning uchun ham Afg‘onistonni mintaqaviy muammolar, tahdidlar manbai sifatida emas, balki noyob strategik imkoniyatlar mamlakati sifatida qarash o‘rinli. Bu esa, o‘z navbatida, butun Yevrosiyo mintaqasida keng transmintaqaviy munosabatlarni rivojlantirishga turtki beradi.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Afg‘oniston bilan ikki tomonlama munosabatlarni sezilarli darajada kengaytirdi, afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga faol qo‘shildi. Xususan, Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida hamda noyabr oyida Samarqandda BMT shafeligida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida Markaziy Osiyodagi xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yaxlit xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarurligi, qo‘shni mamlakatdagi tinchlikka faqat muzokaralar bilan erishish mumkinligini ta’kidladi. Zero, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim shartidir.
Prezidentimiz shu nuqtai nazardan jahon afkor ommasi e’tiborini afg‘on mojarosini hal qilishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish ekaniga qaratdi.
2018 yilning mart oyida poytaxtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan birgalikda tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi dunyo hamjamiyati e’tiboridagi muhim voqea bo‘ldi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar aloqalarni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha izchil hamda qat’iy siyosat olib boryapti. Ikki mamlakat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan o‘zaro muloqotlari birgalikdagi hamkorlikka katta turtki bo‘lmoqda. Prezidentlar do‘stona va samarali, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotni yo‘lga qo‘yishga erishdilar. Vazirlik hamda idoralar rahbarlari darajasida muloqotlar faollashdi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston Islom Respublikasi davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida Termiz tumanida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazini tashkil etish rejalashtirilgandi. Shu kelishuv ijrosi qisqa vaqtda ta’minlanib, markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
13. Orol dardi — olam dardi
BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun maxsus fond.
BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondini tashkil etish borasidagi mamlakatimiz tashabbusining BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat bilan mintaqada ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, aholi turmush sharoitini oshirish yo‘lidagi faol muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish trast fondining tashkil qilinishini “Jabrlangan mintaqa tarixida yangi sahifa“, deb baholadi. Bu bejiz emas, albatta.
Bosh kotib 2017 yilning iyun oyida Orolbo‘yi hududlariga safar qilgan va jahondagi yirik ichki suv havzalaridan biri Orolning qurib borishi tufayli mintaqada izdan chiqayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, insonlar turmush tarzi va kelajakka ishonchi so‘nib borayotganiga guvoh bo‘lgan edi. Oliy martabali mehmon bunday vaziyatga “jahon miqyosidagi talafot“ sifatida qaragan edi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyati e’tiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 — 2021 yillarda Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi qabul qilinishi esa O‘zbekistonning bu kabi ekologik halokat oqibatlariga qarshi kurashdagi o‘zgarmas siyosatini o‘zida aks ettirdi.
14. Mo‘ynoq mo‘jizasi
«Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan bo‘lsa, Mo‘ynoqqa kelib ko‘rsin».
Prezidentimizning 2018 yilgi tashrifi davomida berilgan ko‘rsatmalar asosida hukumatning Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Unda 2019 — 2021 yillarda jami 1 trillion 485 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Qisqa vaqt ichida qator ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, 800 o‘rinli amfiteatr va Davlat xizmatlari markazi qurildi, madaniyat markazi va stadion, “Bozatau” ovul fuqarolar yig‘inidagi oilaviy poliklinika rekonstruksiya qilindi.
Yana bir o‘ziga xos voqelik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidan 200 kilometr, Nukusdan 400 kilometr olisda Vozrojdeniye orolining Shag‘ala deb nomlanuvchi joyi bor. O‘sha hududdan — Orol dengizining qurigan maydonidan chuchuk suv topildi.
Ushbu chuchuk suv Janubiy Orololdi artezian havzasining Bor davri yotqiziqlaridan, ya’ni 260 — 280 metr chuqurlikdan topildi. Bu suvning minerallashuvi 3 gramm, qattiqligi 6 milligramm ekvivalentga teng.
Orolning qurigan maydonida “Yashil qalqon” — saksovulzorlar barpo etilayotgani ham diqqatga sazovor.
15. «Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari»
Milliy ruh va yoshlar.
Bugun “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” degan tamoyilga asoslanib, milliy g‘oya, uning mafkuraviy negizlarini puxta ishlash, yosh avlodni bolalikdan milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, adolatli jamiyat barpo etilishiga, unda sog‘lom muhit qaror topishiga, odamlarning rozi bo‘lishiga va islohotlarda faol ishtirok etishiga zamin yaratmoqda.
Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan bo‘lib, bu yo‘lda ulkan ishlar amalga oshirildi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli 25 dan ziyod Qonun, Farmon va qarorlar qabul qilindi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgani yoshlarimiz, butun el-yurtimiz hayotidagi muhim voqea bo‘ldi. 30 iyun — Yoshlar kuni etib belgilandi.
Yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, qizlarga hunarmandlik bilan shug‘ullanishlari uchun kreditlar ajratish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish, fermerlikni qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasi, ularni sog‘lomlashtirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Mamlakatimizda markaziy va mahalliy hokimlik idoralari, deputatlar korpusi, sud-huquq sohasi rahbarlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlar olib borishi ijobiy an’anaga aylanib bormoqda. Bunday muloqot va uchrashuvlarda yoshlarni o‘ylantirayotgan ko‘pgina muammolar joyida hal etilmoqda, ularga amaliy yordam, malakali maslahat va yo‘llanmalar berilmoqda.
Jonajon Vatanimizning yangi qiyofasini yaratishda o‘z mehnati, tashabbuskorligi va ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘layotgan azmu shijoatli yoshlar uchun “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti hamda “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi.
16. Besh muhim tashabbus
Yosh avlod ma’naviy barkamol bo‘lib tarbiya topadi.
Turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning ma’naviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Shu bois Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus ulkan ahamiyat kasb etadi.
Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.
Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi.
Mazkur besh muhim tashabbus ilk bor Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida namuna sifatida tatbiq etildi va yurtimizning barcha hududi bo‘ylab keng quloch yoydi.
17. Eng ulug‘ dargoh
11 yillik ta’lim — samarali bilim.
11 yillik maktab ta’limiga qaytilishi bolalarimizning ta’lim olish sifati va tarbiyasini yanada ko‘tarish imkonini berdi. Bu — ta’limdagi eng muhim islohot bo‘ldi. Umumiy o‘rta ta’limdagi o‘zgarishlar ham jadallik bilan ketmoqda: fanlarga yangi dasturlar, darsliklar kirib kelyapti, o‘qituvchilarning maoshi oshirilyapti va bu jarayon uzluksiz davom etmoqda.
Albatta, mamlakatimizning porloq kelajagi, ravnaqi va barqarorligi, dunyo davlatlari ichida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi, so‘zsiz, innovatsion bilimlarni egallagan, boshqacha aytganda, inson kapitali sohibi bo‘lgan bugungi yoshlar qo‘lida. Shu sababli yoshlar tarbiyasidagi eng muhim qadamlardan biri, bu — davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘ldi.
Joriy o‘quv yilidan “Prezident maktablari”ga ilk o‘quvchilar qabul qilindi.
18. Bog‘chaga borgan bola boshqacha bo‘ladi
Maktabgacha ta’limga yuksak e’tibor.
Yoshlar ta’lim-tarbiyasini to‘g‘ri, milliy manfaatdorlik nuqtai nazaridan qayta qurish jiddiy masala. Chunki ta’lim-tarbiya sifati va tarkibi har qanday mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini belgilaydigan eng asosiy omillardan biridir.
O‘zbekistonda bu boradagi islohotlar deyarli tugagan maktabgacha ta’lim-tarbiya tizimini tiklashdan boshlandi. Har bir viloyatda zamonaviy, har jihatdan shinam, yaxshi jihozlangan bog‘chalar qurishga kirishildi. Eng avvalo, uzluksiz ta’limning eng muhim halqasi bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari mazmunan va tashkiliy jihatdan mutlaqo yangi shaklda tashkil etilmoqda. Ushbu tizim nafaqat bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘lamini oshirish, shuningdek, 3 — 6 yoshidanoq ularning qiziqishi, erkin muloqot qila olish qobiliyatiga qarab alohida-alohida guruhlarga bo‘lib ta’lim-tarbiya berish mexanizmlarini joriy etish imkoniyatini yaratadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun tarbiyachilarni tayyorlash ham deyarli yo‘q bo‘lib ketgan edi. Oliy ta’lim muassasalarida bog‘chalar uchun tarbiyachilar, murabbiylar tayyorlashning son va sifat jihatidan yangi davri boshlandi.
19. O‘zbekistonga sayohat qil!
Viza tartibining bekor qilinishi va turizm.
Bugungi kunda turizm — jahon iqtisodiyotining eng yirik sektorlaridan biri hisoblanib, aynan shu soha ulushiga dunyo yalpi ichki mahsulotining 9 foizi to‘g‘ri keladi. Qolaversa, ushbu soha sayyoramizdagi har o‘n ikkinchi ish joyini ta’minlaydi. O‘zbekistonda ham sayyohlik yo‘nalishi mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim strategik tarmog‘i sifatida belgilandi. Jumladan, so‘nggi 3 yilga yaqin davr mobaynida yurtimizga sayyohlarni jalb etish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, bu sohadagi tadbirkorlik faoliyatiga qulay shart-sharoitlarni taqdim etish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan 60 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, ularning 11 tasi joriy yilning o‘tgan davrida qabul qilindi.
Sohani rivojlantirish borasidagi muhim vazifalar, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan. Xususan, ushbu tuzilma tomonidan sayyohlarning viza olishi va ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, standartlashtirish va sertifikatsiya, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, soha salohiyati targ‘ibotini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, agar 2018 yilda 9 ta mamlakat fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilingan bo‘lsa, 2019 yil davomida qo‘shimcha tarzda yana 47 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim tatbiq etilib, ularning umumiy soni 65 taga yetdi, qolaversa, ikki va ko‘p marotabali elektron viza berish tizimi joriy etildi. Statistik ma’lumotlar ushbu choralar samaradorligini ko‘rsatmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida viza rejimi bekor bo‘lgan mamlakatlardan tashrif buyuruvchi sayyohlar soni o‘rtacha 47 foiz ortgan.
20. Mamlakatimizdagi birinchi AES
O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi loyihasini ishga tushirish.
Barchaga ayonki, yadro energiyasi iqtisodiy rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan 2030 yilga kelib, uning faoliyati mamlakatimizda elektr energiya ishlab chiqarishning umumiy hajmidan 15 foizni ta’minlashi, energiya resurslarining eksport salohiyatini oshirishi, tabiiy gazdan boshqa maqsadlarda, jumladan, neft mahsulotlarini ishlab chiqarish yoki eksport uchun foydalanishi, karbonat angidrid chiqarilishini 14 million tonnaga, azot oksidini 36 ming tonnaga qisqartirish va atrof-muhit holati yaxshilanishiga imkon yaratadi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom” agentligi) tashkil etildi.
Ayni chog‘da O‘zbekistonda rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi qurilishi uchun barcha talablarga javob beradigan joy tanlandi.
Biz yuqorida Prezidentimizning eng muhim 20 ta tashabbusini tilga oldik xolos. Agar oxirgi uch yil ichida amalga oshirilgan ishlarning barchasini sanaydigan bo‘lsak, gazetamiz sahifalari yetmasligi turgan gap. Xalqimiz katta xursandchilik bilan kutib olgan islohotlar orasida yurtimizda ilm-fan rivojiga, o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ziyolilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan va boshqa yana ko‘plab tashabbuslar ham bor. Bularning barchasi aholimiz turmush-farovonligini yuksaltirish, O‘zbekistonimizning dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga qaratilgani bilan qadrli va ahamiyatlidir.
“Xalq so‘zi” gazetasi, 7.09.2019