O‘zbekiston: Soliq siyosati konsepsiyasi ijrosi qanday ta'minlanyapti?
Ushbu savolga 2019-yil 6-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining tashabbusi bilan o‘tkazilgan navbatdagi «Hukumat soati»da javob izlandi. Bu gal «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijador-ligini oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tabirlar to‘g‘risida»gi masala bo‘yicha deputatlarning savollariga javob berish uchun parlament quyi palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev taklif etildi.
Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida yurtimizda soliq siyosati borasida amalga oshirilgan ishlarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, soliq yukini kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va teng raqobat sharoitini yaratish va investorlar uchun uzoqqa mo‘ljallangan soliq siyosatini belgilash natijasida, avvalo, tadbirkorlik sub’ektlariga soliq stavkalari pasaytirilib, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 5 foizdan 2 foizga, foyda solig‘i 14 foizdan 12 foizga, dividend solig‘i 10 foizdan 5 foizga kamaytirildi. Budjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalarga ajratmalar esa, bekor qilindi. Soliq solish tizimi soddalashtirilib, soliq turlari 19 tadan 15 taga qisqartirildi, yagona ijtimoiy to‘lov va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobotlari birlashtirildi, qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotining 9 ta ilovasi 5 taga tushirildi, hisobvaraq-faktura shakli soddalashtirildi. Natijada, joriy yilning I yarim yilligi uchun belgilangan budjet daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlari 39,1 trln. so‘mga yoki 108,4 foizga bajarildi va o‘sish sur’ati 161 foizni tashkil etdi. Soliq qarzi 1,9 trln. so‘mni tashkil etib, yil boshi (3,0 trln.so‘m)ga nisbatan 1,1 trln. so‘mga kamaydi.
Axborotda ta’kidlanganidek, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni yil boshiga nisbatan 6 barobarga ko‘payib, joriy yilning 1 iyul holatiga, 41,7 mingtaga yetdi va buning natijasida 11,2 trln. so‘m tushum ta’minlanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,2 trln. so‘mga (187,7 foiz) o‘sdi.
Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida ro‘yxatga olingan alohida guvohnoma joriy etilishi hisobiga 48 mingta soliq to‘lovchiga guvohnoma berildi. Natijada tadbirkorlik sub’ektlariga biznes yuritishda boshqa sub’ekt bilan shartnoma yoki bitim tuzishdan oldin ushbu sub’ektning QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olinganini tekshirish imkoni yaratildi. Fermer xo‘jaliklari buxgalteriya hisobini yuritish uchun alohida dasturiy mahsulot yaratilib, ular tajriba sinovidan o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning I yarmida 55,5 mingta tadbirkorlik sub’ekti yangidan tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27,1 mingtaga (195,4 foiz) o‘sdi.
«Hukumat soati»da bu borada erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, mavjud muammo va yechilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi Farmonida belgilangan ustuvor vazifalarning to‘liq va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash maqsadida unda belgilab berilgan va ijrosi kechiktirilayotgan qonun hujjatlarini takomillashtirishga oid muhim bandlarning ijrosi yuzasidan aniq «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqib, parlament Qonunchilik palatasiga taqdim etish, shuningdek Harakatlar strategiyasi asosida soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini yanada soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan vazifalarini yanada izchil, tizimli davom ettirish kabi muammoli holatlar yuzasidan bir qator savollar bilan murojaat etdilar.
Deputatlarning fikricha, Davlat soliq xizmati organlari xodimlari soliq to‘lovchilarning, shu jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘i va yuridik shaxslarning foyda solig‘ini hisoblab chiqish hamda to‘lash bo‘yicha malakasini muntazam oshirib borishi, soliq hisobotini soddalashtirish, uning avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobini yurituvchi dasturiy mahsulotlar bilan tezkor integratsiyalashuvini, budjet tizimi budjetlarining prognoz parametrlari bajarilishini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rishi kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddisi parlament vakillari bergan savollarga javob qaytarar ekan, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarni Prezidentimizning yuqoridagi Farmonida belgilangan vazifalarning to‘liq va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash orqaligina ijobiy hal etish mumkinligini bildirdi.
Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng deputatlar tomonidan Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatini zamon talablaridan kelib chiqqan holda yanada jonlantirishga, soliq tizimida hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, muammo va masalalar mavjudligi yuzasidan qator fikr-mulohaza hamda amaliy takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati