Boks: terma jamoamiz jahon chempionatiga tayyor
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida tashkil etilgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini yakunlashdi. Ushbu yigʻin doirasida charm qoʻlqop ustalarimiz jismoniy va taktik mashgʻulotlardan tashqari sparring janglarida ham ishtirok etishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi m atbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzbekiston boks federatsiyasi rahbariyati sportchilarimizning jahon chempionati bahslarida munosib ishtirok etishini taʼminlash maqsadida tayyorgarlikning soʻnggi bosqichini aynan musobaqalar oʻtkaziladigan Yekaterinburg shahrida tashkil etdi. Bu gʻoya shubhasiz terma jamoamizning moslashuv jarayoni uchun ijobiy taʼsir qiladi.
Xabaringiz bor, 8-sentyabr kuni Yekaterinburgda boks boʻyicha jahon chempionati start oladi. Ushbu nufuzli musobaqada yurtdoshlarimiz sovrinli oʻrinlar uchun eng asosiy daʼvogarlardan biri hisoblanishadi.
Qayd etish lozimki, hozirda Marat Qurbonov boshchiligidagi terma jamoa murabbiylar shtabidan tashqari bokschilarimizning shaxsiy murabbiylari ham Yekaterinburgda boʻlib turishibdi.
Boks boʻyicha jahon chempionatida terma jamoamiz quyidagi tarkibda ishtirok etadi:
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzahalilov
-63 kg: Elnur Abduraimov
-69 kg: Bobousmon Baturov
-75 kg: Fanat Qahramonov
-81 kg: Dilshodbek Roʻzmetov
-91 kg: Sanjar Tursunov
+91 kg: Bahodir Jalolov
Eslatib oʻtamiz, 2017-yilda Germaniyaning Gamburg shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida Shahram Gʻiyosov 69 kg vaznda oltin medalni qoʻlga kiritgan edi.
O‘zA