“Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlar jarayonida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, har bir inson oʻz orzu-intilishlari va salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishga eng ustuvor vazifa sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunki, islohotlarimizning asosiy maqsadi ham butun jamiyatning kuch va imkoniyatlarini xalqimiz farovonligi yoʻlida birlashtirish hamda shu orqali barcha yurtdoshlarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratib berishdan iboratdir.
Bu jarayonda adashib, turli notoʻgʻri yoʻllarga kirib qolgan, bugungi kunda oʻz qilmishidan pushaymon boʻlib, toʻgʻri xulosa chiqarib olgan fuqarolar ham davlatimizning eʼtiboridan chetda qolmayapti, ularga nisbatan afv instituti qoʻllanib, oilasi va jamiyat oldidagi maʼnaviy qarzini uzish uchun imkoniyat berilmoqda. Keyingi uch yilda yurtimizda 7-marta afv eʼlon qilinib, 3952 nafar shaxs afv etilgani – xalqimizga xos bagʻrikenglik va insonparvarlik, kechirimlilik va olijanoblik fazilatlarining yaqqol amaliy ifodasidir.
Kundalik hayotimizda sodir etilayotgan jinoiy xatti-harakatlar barchamizni ogohlikka undashi, ularning tub sabablarini oʻrganib, oldini olish uchun davlat organlari, mahalla, xotin-qizlar, nuroniylar va yoshlar faollari, jamoatchilik tuzilmalari siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni tizimli ravishda tashkil etishlari hamda bahamjihat harakat qilishlari zarur.
Taʼkidlash joizki, oʻz qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan shaxslarni afv etish – bu alohida bir shaxsni kechirishdan iborat boʻlibgina qolmasdan, kelajakka umid koʻzi bilan boqayotgan bolajonlar taqdiriga, qalbi vayron boʻlib, jigarbandini kutayotgan otaxon va onaxonlarga nisbatan Prezidentimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yuksak namunasidir.
Ana shunday muhim omillarni hisobga olib hamda xalqimizga xos bagʻrikenglik va insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqan holda bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev eng ulugʻ va eng aziz umummilliy bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligi eʼlon qilinganining 28 yilligini nishonlash arafasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdigʻi sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga asosan, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 65 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 17 nafari jazodan toʻliq ozod qilindi, 13 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 20 nafariga esa tayinlangan jazo yengilrogʻi bilan almashtirildi. Bir soʻz bilan aytganda, 50 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish joylaridan ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bagʻriga qaytarildi.
Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddati qisqartirildi va 1 nafar shaxs ozodlikni cheklash jazosidan ozod qilindi.
Afv etilganlarning 4 nafarini ayollar, 1 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxs, 1 nafarini chet el fuqarosi, shuningdek, 39 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan fuqarolar tashkil etadi.
Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar hamda hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.