O‘zaro ishonch – xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim sharti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida ishtirok etish uchun 2019-yil 14-15-iyun kunlari Dushanbe shahrida bo‘ldi.
Osiyo – turli din va madaniyatlar beshigi, ulkan tabiiy resurslarga boy, inson kapitali va iqtisodiy jihatdan juda tez o‘sayotgan mintaqa. Jahonda globallashuv keskin tus olgan bugungi kunda qit’a davlatlarini qator muammolar va turli ko‘rinishdagi tahdidlardan xoli, deb bo‘lmaydi.
Jumladan, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, odam savdosi va transmilliy jinoyatchilik, iqtisodiy buhronlar, ekologik va gumanitar inqirozlar qit’a mamlakatlari oldiga o‘zaro va ko‘p tomonlama siyosiy muloqotlar orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanishga erishish maqsadlarini qo‘ymoqda. Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) shu jihatdan davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro platforma sanaladi.
Mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha yondashuvlarni ishlab chiqish, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishining oldini olish, terrorizmning barcha shakl va ko‘rinishlari, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish OHIChKning asosiy maqsadlari hisoblanadi.
Kengashga bugungi kunda Osiyo qit’asi hududi va aholisining 90 foizini qamragan 27 davlat a’zo. Sakkiz mamlakat va beshta nufuzli xalqaro tuzilma, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Xalqaro mehnat tashkiloti, Turkiy tilli mamlakatlar Parlament assambleyasi uning kuzatuvchilaridir.
Har to‘rt yilda o‘tadigan kengash sammitiga shu vaqtga qadar Qozog‘iston, Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasi raislik qilgan. 2018-2020-yillarda Tojikiston Respublikasi kengash raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammiti “Xavfsiz va yanada ravnaq topgan mintaqa sari yagona yondashuv” mavzuida tashkil etildi.
Sammitning asosiy tadbirlari 15-iyun kuni Dushanbe shahridagi “Ko‘hi Navro‘z” saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda kengashga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillaridan iborat 30 dan ziyod delegatsiya ishtirok etdi.
Dastlab delegatsiyalar rahbarlari suratga tushish marosimida qatnashdi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon sammitni kirish so‘zi bilan ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida nutq so‘zladi hamda ishtirokchi mamlakatlarning tinchlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan hodisalar bilan izohlanayotganini ta’kidladi. Ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Osiyo qit’asi mamlakatlari jiddiy xatarlarga duch kelmoqda. Bu, avvalo, ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va ta’lim darajasi pastligi muammolaridir. Ular ijtimoiy nizolarning asosiy manbai, ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhitdir. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi radikallashuv jarayoni tashvish uyg‘otadi.
Bugungi kunda jahon ishonch inqiroziga yuz tutmoqda. Aslida, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir. Nazarimizda, ishonch inqirozini bartaraf etish va xavfsizlikni mustahkamlash uchun, birinchi navbatda, inson kapitalini rivojlantirishga qulay sharoit yaratish zarur. Shu munosabat bilan o‘zaro hurmat va jamoaviy mas’uliyatga asoslangan kengashimiz faoliyati har qachongidan ham muhim bo‘lib bormoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari xavfsizlik bo‘linmas, ishonch uning fundamental asosi ekanini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday formatdagi muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish butun mintaqa uchun yangi strategik imkoniyatlar ochadi.
Yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning radikallashuviga qarshi kurashish va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham barqarorlik va farovonlikning muhim shartlaridan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingan, shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari O‘zbekiston fan, ta’lim sohalaridagi va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikning muvofiqlashtiruvchisi bo‘lishga tayyor ekanini bildirdi. Mamlakatimiz xalq diplomatiyasi doirasidagi aloqalarni, jumladan, turizm bo‘yicha forumlarni tashkil etish orqali faollashtirishni muhim deb hisoblaydi.
Shubhasiz, bu xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro anglashuvning oshishiga xizmat qiladi, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, ma’rifat va madaniyatlarni o‘zaro boyitish masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Toshkentdagi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buning uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy savdoni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Bunda, avvalo, butun mintaqaning tranzit va iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan ustuvor infratuzilma loyihalariga e’tibor qaratish lozim.
Sheriklikni biznes darajasida rivojlantirish barqaror iqtisodiy taraqqiyot drayveri hisoblanadi. Ushbu sohada Hamkorlik konsepsiyasiga muvofiq, Kichik biznes bo‘yicha mintaqaviy forum ta’sis etishni taklif etamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sammitda kengashga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xatarlarning oldini olish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashuvlarni faollashtirish yuzasidan o‘z qarashlarini bayon etdi. Bu boradagi yakdil yondashuvlar, amaliy sa’y-harakatlar qit’a mamlakatlari va xalqlari farovonligi, tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash beshinchi sammitining deklaratsiyasi qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahridagi o‘ziga ajratilgan qarorgohda Bangladesh Xalq Respublikasi Prezidenti Abdul Hamidni qabul qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Savdo, investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, turizm va gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hukumatlararo va idoralararo darajadagi aloqalarni faollashtirish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan uchrashdi.
O‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari bugungi kunda barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning 2017-yilda Turkiyaga, Turkiya Prezidentining 2018-yilda O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi. Tomonlarning mushtarak intilishi va sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yangi strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarildi.
O‘zaro savdo hajmini kengaytirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 40 foizga o‘sib, 2,2 milliard dollarni tashkil etdi. Keyingi bir yarim yilda ikki mamlakat sarmoyasi ishtirokida tuzilgan qo‘shma korxonalar soni 2 barobar ko‘payib, 1 ming 62 taga yetdi.
Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.
Turkiya rahbari O‘zbekiston bilan munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilganidan mamnunligini qayd etib, xalqlarimizning qardoshlik rishtalarini bundan buyon ham mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Muzokarada savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zaro savdoni oshirish va uning tarkibini kengaytirish, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga tashrifi nihoyasiga yetdi.