ShHT sammiti – mushtarak maqsadlar roʻyobi uchun qulay muloqot maydoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 13-14-iyun kunlari Qirgʻizistonning Bishkek shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining oʻn toʻqqizinchi majlisida ishtirok etdi.
Sammitning asosiy tadbirlari 14-iyun kuni “Ala-archa” qarorgohida boʻlib oʻtdi. Dastlab davlat rahbarlari tor doirada uchrashdilar.
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov raisligida oʻtgan majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.
Tomonlar ShHT mamlakatlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirishga, siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik sohalarida koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga oid hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
ShHT Bosh kotibi Vladimir Norovning tashkilot faoliyatiga doir hisoboti tinglandi.
Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi, muloqot boʻyicha sherik maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari qatnashdi. Unda ShHTni rivojlantirishning istiqboldagi yoʻnalishlari, muhim mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi. Iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalari va koʻp tomonlama kooperatsiyaning boshqa jihatlari koʻrib chiqildi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
SHHT doirasida tashkil etiladigan turli maqomdagi uchrashuvlar Oʻzbekistonning strategik maqsadlarini roʻyobga chiqarish uchun qulay maydondir. ShHT mintaqasidagi transport kommunikatsiyalari mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishida muhim omil boʻlsa, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etishga xizmat qiladi. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi.
Binobarin, Oʻzbekiston ShHT doirasidagi barcha tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ShHTning Ostona (2017) va Sindao (2018) sammitlarida ilgari surgan taklif va tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanib, izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, Sindaoda Davlat rahbarlarining Yoshlarga qoʻshma murojaati qabul qilindi, oʻtgan yilning sentyabrida Toshkentda SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻl boʻyicha idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi oʻtkazildi. Prezidentimizning qarorlariga muvofiq poytaxtimizda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi taʼsis etildi, Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti ochildi. Joriy yilning ikkinchi yarmida esa aʼzo davlatlardagi yoshlar tashkilotlari ishtirokida Axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish hamda Startap tashabbuslari va loyihalari boʻyicha forumlar oʻtkazish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida mintaqaga doir dolzarb masalalarga eʼtibor qaratib, ularni hal etish boʻyicha amaliy takliflar bildirdi.
Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunida hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi.
Bishkek deklaratsiyasi qabul qilindi. Aʼzo mamlakatlar oʻrtasida turli sohalardagi sheriklikni rivojlantirish, SHHTning boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligiga doir 22 ta hujjat imzolandi.
Oʻzbekiston Prezidentining taklifiga muvofiq, SHHTga aʼzo mamlakatlarning Raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi hamda Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish dasturi qabul qilindi.
SHHTga raislik Rossiya Federatsiyasiga oʻtdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda sammit samarali oʻtgani, imzolangan hujjatlar tashkilotni yanada rivojlantirish, mintaqa mamlakatlari va xalqlarini taraqqiyot yoʻlida jipslashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Sammit doirasida SHHT Yoshlar kengashining majlisi ham boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Xitoy, Rossiya va Tojikistondan yoshlar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda mintaqa yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, taʼlim sifatini yaxshilash, oʻzaro tajriba almashishiga imkoniyat yaratish, tadbirkorlik loyihalari va innovatsion gʻoyalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, bandligini taʼminlash kabi qator masalalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning sammitida ishtirok etish uchun Bishkekdan Dushanbega joʻnab ketdi.